Putin va Lukashenko: Sirli munosabatlar ibtidosi

Tahlil

image

Joriy yilning 9 avgustidagi prezidentlik saylovlaridan so‘ng Minsk namoyishlar ichida qoldi. Lukashenko Rossiyadan tashqari barcha davlatlar bilan chegaralarini yopti. 20 yillik munosabatlarning ziddiyatlarga boy bo‘lganligiga qaramasdan, Minsk yana Moskva tomon yuzlandi. Haqiqatan Lukashenkoning “ahvoli” og‘ir, Putin bilan aloqalari sirli. Ikki o‘rtadagi bunday murakkab munosabatlar qayerdan boshlangan? To‘qsoninchi yillar oxiriga kelib SSSRning vorisi hisoblangan Rossiyada vaziyatning og‘irlashishi bilan Yelsinning ham imidji tushib borar edi. O‘sha paytda Minskdagi yosh Lukashenko zimdan nimani reja qilgan va kim uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan? Shu savollar yuzasidan batafsil suhbatlashamiz! 

SSSR qulaganidan so‘ng Belarusda vaziyat qanday edi?

Lukashenko korrupsiya va mafiya tuzilmalariga qarshi shiddatli chiqishlari bilan shuhrat qozonib, 1994 yilda Belarus Prezidentligiga saylovlarda g‘alaba qildi. Saylovoldi chiqishlarida birodar slavyan xalqlarining integratori qiyofasida gavdalangan, yosh hamda faol siyosatchi Sovet tuzumining tiklanishini orzu qilgan va yangi dunyoni SSSRsiz qabul qilishni istamagan nafaqat o‘zining vatandoshlari, balki Rossiya xalqi orasida ham yaxshigina obro‘ga ega bo‘layotgandi.

O‘sha paytda Aleksandr Lukashenko Rossiya hududlarini Belarus provinsiyalariga qaraganda ko‘proq aylanib chiqar va shu bilan birga Rossiya-Belarus ittifoqi integratsiyasi to‘g‘risida takliflarni ilgari surar edi.

Rossiyada “ahvol” og‘irlashar... Yelsinning kapitalizm tomon yo‘naltirgan iqtisodiy siyosati Rossiyani borgani sari botqoqqa tiqar, 1991-1998 yillar oralig‘ida Rossiya o‘zining yalpi ichki mahsulotining 40%ini yo‘qotgan, ishsizlik va infilatsiya dahshatli tus olib ulgurgan edi. SSSR haqidagi yorqin xotiralari o‘chib ulgurmagan harbiylarga va SSSRga muhabbati hali so‘nmagan rus xalqiga “harizma”si juda yaqin bo‘lgan Lukashenkoda Boris Yelsinning zaiflashuvi davrida Rossiya va Belarus ittifoqiga rahbarlikni qo‘lga kiritish imkoni bor edi.

Chubays buzg‘inchi

Aleksandr Lukashenkoning Moskva tomon yurishini Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Anatoliy Chubays muzlatishga muvaffaq bo‘ldi. 1997 yilda belaruslar Lukashenkoga ikki mamlakat ittifoqini boshqarishga “de-yure” — ruxsat beradigan shartnomani rossiyalik hamkasblariga yuborishadi. Ruslar ichida Chubays aqlli chiqadi va shartnomaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qiladi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, Rossiya Belarus bilan teng huquqli federatsiya tarkibida bo‘lishi kerak edi, tabiiyki Lukashenkoning “xom xayollariga” to‘g‘ri kelmagan shartnoma Minsk tomonidan rad etiladi.

Kremlda yangi qon

1999 yil 8 dekabrda Yelsin va Lukashenko Ittifoq davlatini yaratish to‘g‘risida yangi shartnomani imzoladilar. Bu Lukashenko uchun oldinga siljishdek ko‘rinsada, uch hafta o‘tar-o‘tmas, kutilmaganda Boris Yelsin Vladimir Putinni o‘z vorisi etib tayinlaydi va Lukashenkoni Kremldagi kursini egallash imkoniyatidan mahrum qiladi.

Yelsin ketdi, biroq Ittifoq shartnomasi qoldi

Ittifoq shartnomasida ikki davlatni bosqichma-bosqich birlashtirish ko‘zda tutilgan edi. Dastlab davlat mustaqilligi, hududiy yaxlitlik va konstitutsiyani saqlab kolgan holda iqtisodiy kelishuvlar, tashqi siyosat va harbiy sohalarda yaqinlalish belgilab qo‘yilgan edi. 

Charxpalak teskari aylana boshladi

Putinning kelishi bilan Lukashenko ittifoq g‘oyasi bilan qiziqmay qo‘ydi. Lukashenko o‘zini integratsiya “dvigateli” sifatida ko‘rishdan va Kremlda hokimiyatni egallash orzusidan voz kechdi. Bir safar Putin undan “Aleksandr Grigorevich, nega Rossiya bo‘ylab sayrlaringizni to‘xtatdingiz?”, deb so‘ragan edi. Lukashenko esa jim!

Endilikda bu shartnomadan foydalanish navbati Putin tomonga o‘tgandi. Putin kelganidan boshlab “qo‘shnisi”ga bosim o‘tkaza boshladi va ikki davlat faol iqtisodiy kelishmovchiliklar tomon qadam tashladi. Jumladan, Belarusga yetkazib berilayotgan gaz va neft 2004,2007,2019 yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro nizolariga sabab bo‘lgan.

 

Belarus energetik xafsizligi juda past, shu sababdan energo resurslarni chetdan import qilishga majbur. Tabiiyki, Rossiya esa har qadamda bundan foydalanishga harakat qiladi. Bundan tashqari, Belarus mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilishda, jumladan 2006 yilda shakar, 2009 yilda sut va 2014 yilda go‘sht bilan mojarolari chiqqan. Belarusning Rossiya bozoriga bog‘liqligini hisobga olsak, Rossiyaning erkaliklari doimiy tus olib turadi. Maqsad esa bitta — 1999 yilda imzolangan bitimni hayotga tadbiq etish.

Joriy yildagi qisqa tutashuvlar

O‘tgan yillar mobaynida Putin va Lukashenko neft va gaz narxini kelisholmadi. Shunda oraga pishiq Pompeo qo‘shildi. AQSH Davlat kotibi joriy yilning fevral oyida Minskka tashrifi chog‘ida geosiyosiy jihatdan Rossiya uchun o‘ziga hos bufer hudud bo‘lgan Belarusni og‘dirib oldi. Natijada shu yilning bahoriga kelib Belarus ilk marotaba AQSHdan neft sotib oldi.

Ikki o‘rtadagi keskinlikni Pompeo qolib, endi pandemiya oshirdi. Koronavirus sabab Rossiyaning Belarus bilan chegarani yopishini Lukashenko tanqid qildi va bu albatta, Moskvaning g‘ashini keltirdi. Bundan tashqari karantin choralari doirasida Moskva Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan paradni kechiktirgan bo‘lsa, “katta og‘asidan oldin oshga qo‘l uzatgan” Lukashenko Minskda g‘alaba paradini belgilangan 9 maydan kechiktirmadi. 

COVID-19 sabab kechikib, 2020 yilning 24 iyun kuni Moskvada o‘tkazilgan paradda Putin va Lukashenko munosabatlaridagi sovuqchilik yaqqol ko‘zga tashlandi. Marosim vaqtida Lukashenko safda Putin bilan yonma-yon turishni istamay, Qozog‘iston Prezidenti To‘qayevning yoniga o‘tib ketadi.

 

Rossiya tarkibiga yo‘llanma 

Shu vaqtgacha Lukashenko siyosiy "manyovr”lar bilan Moskva bosimiga munosib qarshilik qilib kelayotgan edi. Lekin shu yilning 9 avgustida Belarusda o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlaridan so‘ng avj olib, shu kungacha davom etayotgan namoyishlar Rossiya-Belarus Ittifoqini vujudga kelishi uchun muhit yaratyotgandek, go‘yo. Shu zaylda o‘tayotgan har bir kun Lukashenkoning kursisini tobora xavfli tebratmoqda. Hokimiyat manbasi bo‘lgan xalq esa undan allaqachon voz vechgan. G‘arbdan ham umid yo‘q. Yagona savol — Putin qachon va qanday yo‘l tutadi?

Farruxjon Murodqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

297

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing