Rossiya bayrog‘ini tahqirlashda ayblangan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytariladi (video)
Jamiyat
−
03 avgust 3963 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida o‘zbekistonlik ayol Rossiya bayrog‘i va gerbi rasmi tushurilgan gilamchani oyoq ostiga to‘shagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Keyin esa O‘zbekiston tomonidan Rossiya Federatsiyasining tegishli davlat organlari bilan aloqa o‘rnatilib, voqeaning barcha holatlariga oydinlik kiritish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan rasmiy axborot so‘ralgani hamda ushbu holat O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan tezkorlikda nazoratga olingani qayd etilgandi.
Endi esa mazkur bayroqni tahqirlashda ayblangan o‘zbekistonlik ayol Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytadigan bo‘ldi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlikning qayd etishicha, Rossiyaning tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda voqea yuzasidan barcha holatlarga aniqlik kiritish, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
“Videolavhada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.S. bilan aloqa o‘rnatilgan. Unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi uchun aviachipta rasmiylashtirildi. Uning joriy yil 6 avgust kuni O‘zbekistonga qaytishi rejalashtirilgan", deb xabar bergan Migratsiya agentligi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu vaziyatda Sevara Musayeva yashash xonasining kirish joyiga Rossiya bayrog‘i va gerbining rasmi tushurilgan gilamchani to‘shagani uchun so‘roqqa tutilgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi (davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini haqorat qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Musayevaning bu holatga izoh berishicha, u gilamchani bir necha kun oldin ko‘chadagi ahlatdan topib olgan va uni yuvib-tozalagan hamda uyiga olib kirgan.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust