O‘zbekistonlik ayol Rossiya bayrog‘i sabab sudlanishi mumkin (video)

3-sahifa

image

Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida o‘zbekistonlik ayol Rossiya davlat bayrog‘i va gerbi rasmi tushurilgan gilamchani oyoq ostiga to‘shagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Mnogonatsional” xabar berdi.

Unga ko‘ra, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Rossiyaga borgan Sevara Musayeva ismli O‘zbekiston fuqarosi yashash xonasining kirish joyiga Rossiya bayrog‘i va gerbining rasmi tushurilgan gilamchani to‘shagani uchun so‘roqqa tutilgan. Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi (Davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini haqorat qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Musayevaning bu holatga izoh berishicha, u gilamchani bir necha kun oldin ko‘chadagi ahlatdan topib olgan va uni yuvib-tozalagan hamda uyiga olib kirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat qonunan jazoga loyiq ekanini bilmagan va unda hech qanday g‘arazli maqsad yoki kamsitish niyati bo‘lmagan.

Ayni paytda mazkur voqea atrofida axborot mojarosi ham yuzaga kelgan. Ayrim Telegram-kanallar ushbu xabarni soxta deb atagan bo‘lsa, boshqalari uning dastlab Rossiyaning federal nashrlaridan biri tomonidan e’lon qilinganini ta’kidlamoqda.

Hozircha Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari ushbu voqea yuzasidan rasmiy tergov natijalari yoki qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilmagan. Shu sababli holatning barcha tafsilotlari rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Telegram orqali terroristik guruh safiga qo‘shilishga da’vat qilingan, biroq bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing