Rossiya bayrog‘i mojarosi: o‘zbekistonlik ayolga jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida o‘zbekistonlik ayol Rossiya bayrog‘i va gerbi rasmi tushurilgan gilamchani oyoq ostiga to‘shagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu ish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasining Nijegorod viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etgan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan tegishli konsullik-huquqiy ishlar amalga oshirilgan.

Bosh konsulxona tomonidan Rossiya Federatsiyasining vakolatli idoralari bilan diplomatik kanallar orqali olib borilgan muzokaralar natijasida mazkur holat yuzasidan amaliy natijalarga erishilgan.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Nijniy Novgorod shahridagi vakolatxonasi bilan olib borilgan hamkorlik natijasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.S. ga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 329-moddasi (davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini tahqirlash) bo‘yicha ushbu davlatning vakolatli idoralari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shu bilan birga, migratsiya qonunchiligi talablariga muvofiq M.S. ning O‘zbekiston Respublikasiga qaytishi bilan bog‘liq tegishli tartib-taomillar amalga oshirilmoqda. Uning O‘zbekistonga qaytishi ertaga, 6 avgust kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaziyatda M.S. yashash xonasining kirish joyiga Rossiya bayrog‘i va gerbining rasmi tushurilgan gilamchani to‘shagani uchun so‘roqqa tutilgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi (davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini tahqirlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilishi aytilgandi. Ayolning bu holatga izoh berishicha, u gilamchani bir necha kun oldin ko‘chadagi ahlatdan topib olgan va uni yuvib-tozalagan hamda uyiga olib kirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing