Yomon niyatda emasdim – O‘zbekistonlik ayol Rossiya bayrog‘i tushirilgan poyandoz haqida
Jamiyat
−
07 avgust 4576 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida o‘zbekistonlik ayol Sevara Musayeva Rossiya bayrog‘i va gerbi rasmi tushirilgan gilamchani oyoq ostiga to‘shagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilgani, biroq bu rad etilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu mojaro markazida qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
“Allohimga shukur. Prezidentimga ming bor shukur aytaman, tashakkur bildiraman. Baribir hech narsa o‘z yurtimizga kelmaydi. Rahmat, shunchalar jon kuydirib, hamma men uchun, musofirdagilar, hammamiz musulmonlar, hammasi jon kuydirishdi. Alloh rozi bo‘lsin deyman ulardan”, deydi ayol.
Shuningdek, u mojaro sabab rosa xavotirga tushganini, farzandlari hali yosh ekanini qayd etib, musofirlardan ehtiyot bo‘lishni, bunaqa narsani qaytarilmasligini so‘ragan.
“Chunki, men ham uni yomon niyatda yo bir hurmatsizlik niyatida olmagandim. Men voqea shunaqa bo‘lib ketishini ham o‘ylamagandim. Shu yerda bir so‘m topsam ham barakasini berib, shu yerda qanoat qilib, shu yerda ishlab, bolalarimga uy qilaman, Xudo xohlasa, degan niyatda ketgandim o‘zi”, deydi ayol.
Shuningdek, u voqeadan keyin undan Migratsiya agentligi va inson huquqlarini himoya qiluvchilar xabar olganini aytgan.
“O‘sha akalarimga ham tashakkur bildiraman. Davlatimizga hech narsa teng kelmaydi, tinchligimizga hech narsa teng kelmaydi. Prezidentimga ming bor rahmat aytaman, shu xalqimni tinch qilib olib o‘tirganiga. Men shu narsalarni ko‘rib kelyapman u yoqdan”, deydi ayol.
Eslatib o‘tamiz, ushbu vaziyatda Sevara Musayeva yashash xonasining kirish joyiga Rossiya bayrog‘i va gerbining rasmi tushirilgan gilamchani to‘shagani uchun so‘roqqa tutilgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi (davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini tahqirlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilishi aytilgandi. Ayolning bu holatga izoh berishicha, u gilamchani bir necha kun oldin ko‘chadagi ahlatdan topib olgan va uni yuvib-tozalagan hamda uyiga olib kirgan.
Live
Barchasi