Rossiya Afrika davlatlariga donni tekinga yetkazib beradi – Putin
Olam
−
27 iyul 2023
8620Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat yaqin oylar ichida Afrika davlatlariga donni tekinga yetkazib berishini aytdi. Bu haqda u Sankt-Peterburgda davom etayotgan Rossiya-Afrika iqtisodiy va gumanitar forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Putin doimgidek G‘arbni “don kelishuvi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotgani” uchun tanqid qilgan. Shuningdek, u Rossiya yaqin 3-4 oy ichida Afrikaning ayrim davlatlariga 25-30 ming tonna donni tekinga yetkazib berishini e’lon qilgan.
Putin “jahon oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shishi kerak bo‘lgan tashabbus o‘z maqsadiga erishmaganidan” afsusda ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainada yetishtirilgan donning 70 foizdan ortig‘i Yevropa Ittifoqiga yo‘naltirilgan va buning uchun haqiqatda muhtoj bo‘lgan Afrika davlatlariga bor-yo‘g‘i 3 foizdan kamroq, ya’ni, million tonnaga yaqin don yetkazib berilgan.
Putin yana bir bor G‘arb tomonidan Rossiyaning talablari bajarilmagani uchun mamlakat kelishuvdan chiqqanini da’vo qilgan holda, mazkur qaror fonida Rossiya Afrika qit’asining Burkina-Faso, Zimbabve, Mali, Somali, Markaziy Afrika Respublikasi va Eritreya mamlakatlariga 25-30 ming tonna g‘alla yaqin oylarda bepul yetkazib berilishini aytgan.
“Rossiyaning jahon bozorlariga don va o‘g‘it eksportini sanksiyalardan chiqarish bo‘yicha kelishuv shartlaridan hech biri bajarilmadi”, deydi Putin.
Ma’lumot uchun, Rossiya joriy yilning 17 iyul kuni muddati tugagan don kelishuvini uzaytirishni istamadi. Bu holat Ukraina donining asosiy importchilari bo‘lgan Afrikaning qashshoq mamlakatlarida ocharchilik xavfini oshirdi. 18 iyul kuni esa Ukrainaning don eksportini amalga oshiruvchi portlariga raketa va dron hujumlari uyushtirildi. Oqibatda 60 ming tonna g‘alla yo‘q qilindi. G‘arb Rossiyani oziq-ovqatdan qurol sifatidan foydalanishda aybladi.
Endilikda don kelishuvi yakunlangani oqibatida jahon bozorida g‘alla narxi 15 foizgacha ko‘tarilishi mumkinligi taxmin qilinyapti. Shunga qaramay, BMT va Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukraina donini quruqlik orqali eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganyapti. Rossiya esa don kelishuvi uzaytirilmagan taqdirda Afrika davlatlariga g‘allani tekinga yetkazib berishi mumkinligini aytgandi.
Tahlilchilar joriy yilning 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda o‘tkazilayotgan Rossiya-Afrika sammitida Rossiya Afrika uchun don va yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha qandaydir va’dalar berishi, chunki unda taklif qilish uchun bundan boshqa narsa yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu orqali Rossiya Afrika davlatlarining qo‘lloviga erishish, ulardan G‘arbni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish uchun ko‘ndirish maqsadida lobbi sifatida foydalanishi yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotida qabul qilinadigan qarorlarda u tomonida turish yo hech bo‘lmaganda betaraf qolishga undashni maqsad qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilyapti. Biroq, 2019 yilda Sochida bo‘lib o‘tgan xuddi shunday sammitdan farqli o‘laroq, bu safar Rossiyaga bor-yo‘g‘i 17 ta davlat rahbari tashrif buyurdi. To‘rt yil avval unda 43 nafar davlat rahbari qatnashgan. Rossiya bu galgi sammitga bir qancha Afrika yetakchilarining tashrif buyurmaganida G‘arbni ularga nisbatan bosim o‘tkazish va shu orqali Sankt-Peterburgdagi sammitni sabotaj qilishda aybladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Afrika davlatlarini birgalikda AQSH dollaridan voz kechishga chaqirgandi.
LiveBarchasi