Rossiya qashshoq mamlakatlarni och qoldirmoqchi emas 

Olam

image

Rossiya Don kelishuvi muddati uzaytirilmagan taqdirda muhtoj mamlakatlarga Ukraina g‘allasini tekinga yetkazib berishi mumkin. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Peskovdan Don yo‘lagi o‘rnini bosuvchi tashabbus yo‘lga qo‘yilishi ehtimoli haqida so‘ralganda, matbuot kotibi Rossiya muhtoj mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilgan.

“Afsuski, biz juda kichik miqdorlar haqida gapirmoqdamiz. Chunki eng kambag‘al Afrika davlatlari g‘alla bitimidan eng kam narsani olishdi”, deydi u.

Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan Afrikaga don yetkazib berish masalasi joriy yilning iyul oyi oxirida Sankt-Peterburgdagi sammitda muhokama qilinadi. Uning aytishicha, mazkur sammitda barcha muammolarni muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi.

“Biz afrikalik hamkorlarimiz bilan aloqadamiz, bu aloqalar Sankt-Peterburgdagi sammitda davom etadi. Biz bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz va ularni kutyapmiz”, deydi Peskov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lumot berishicha, vazir Sergey Lavrov bugun, 18 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan muhtoj davlatlarga don yetkazib berishning muqobil variantlarini muhokama qilgan. Tomonlar Ukraina atrofida sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealarga urg‘u bergan holda mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha fikr almashgan.

Ta’kidlanishicha, ikki vazir suhbat jarayonida Qora dengiz Don yo‘lagi tashabbusi doirasidagi birgalikdagi harakatlar natijalarini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, Don kelishuvi 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan jahon bozorida donning eng yirik eksportchilaridan biri bo‘lgan Ukrainaning mahsulot yetkazib berish imkoniyati cheklanishi va buning oqibatida don narxining oshishi hamda qashshoq mamlakatlarda ocharchilik xavfining ortishi sababli tuzilgan. Undan maqsad Qora dengiz bo‘ylab xavfsiz ravishda don tashishni amalga oshirish hisoblanadi. Oziq-ovqat ta’minotidagi muammoni hal qilish uchun o‘tgan yilning aprel oyida Turkiya mezbonligida va Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlovi bilan Don yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar boshlangan va 2022 yilning 22 iyul kuni bu bo‘yicha 120 kunlik kelishuvga erishilgandi.

Mazkur kelishuv 2022 yilning 19 noyabriga qadar davom etishi belgilangan edi. Biroq Rossiya Qora dengizdagi kemalari dron hujumiga uchraganini da’vo qilib, kelishuvni bir necha kunga to‘xtatib qo‘ydi. Keyinroq muzokaralardan so‘ng yana unga qaytganini e’lon qildi. Don kelishuvi 2022 yilning 17 noyabr kuni yana 120 kunga, 2023 yilning mart oyida esa 90 kunga uzaytirilib, 2023 yil 17 iyulga qadar cho‘zilgani ma’lum qilindi. Ammo Rossiya tomoni mazkur kelishuvni uzaytirishga “sabab ko‘rmayotganini” ma’lum qildi.

Rossiya Don kelishuvi tufayli tashilayotgan zaruriy oziq-ovqat haqiqatda bunga muhtoj bo‘lgan davlatlarga emas, dunyoning eng boy mamlakatlariga jo‘natilayotganini da’vo qilyapti. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Qora dengizdagi yo‘lak orqali tashilayotgan don adolatsiz taqsimlanmoqda.

“BMTdagi G‘arbning tarafdorlari rahbarlik qiladigan yo‘nalishlarda nimalar sodir bo‘layotganiga misol keltiraman. Don kelishuvi. Ochlarni boqish uchun boshlangan harakat. Bugungi kunda kambag‘al davlatlar undan qancha ulush olgan deb o‘ylaysiz? Yaman, Sudan, Afg‘oniston, Efiopiya, Somali kabi haqiqatdan ham muhtoj davlatlar. Ularga qancha yetkazib beriladi? Sizga aytaman – 2,5 foiz! Ikki yarim foiz bu mamlakatlarga eng kambag‘allarga yetkazib berilgani aytilayotgan miqdordan ketgan. Va umumiy hajmning 81 foizi o‘rtacha daromad darajasi yuqori va eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarga yuborildi. Bularning barchasi esa BMT homiyligida bo‘lmoqda. Axir, BMT Bosh kotibining o‘zi aytganidek, bu uning shaxsiy tashabbusi, hammasini u o‘ylab topgan va qo‘lda boshqaryapti”, degan edi Zaxarova “Sputnik” radiosi efirida.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya g'alla Don yo'lagi qashshoq mamlakatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing