Rossiya Asadni Suriyadan qochishga majbur qildi – “Bloomberg”

Olam

image

Rossiya hukumati qurolli guruhlar Suriyaga hujum boshlaganidan so‘ng sobiq prezident Bashar Asadni mag‘lub bo‘lishiga ishontirdi va agar u darhol mamlakatni tark etsa, unga va oilasiga xavfsiz evakuatsiya qilish imkoniyatini taklif qildi. Bu haqda bugun, 11 dekabr kuni uch manbasiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

“Shu tariqa Asadga 2011 yilda isyonchilar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan Liviyaning ag‘darilgan rahbari Muammar Qaddafiyning taqdiridan qochish taklif qilindi”, deb yozadi “Bloomberg”.

Agentlikka ko‘ra, Asad Suriyadan qochishga rozi bo‘lgach, uni evakuatsiya qilish Rossiya razvedkasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan. 8 dekabrga o‘tar kechasi ular isyonchilar Damashqqa kirib, qariyb 14 yil davom etgan mojaroda g‘alaba qozonganini e’lon qilishlaridan bir necha soat oldin, Suriyadagi Rossiya aviabazasi orqali ag‘darilgan prezidentni yashirincha olib o‘tishgan.

“Asadni olib ketayotgan samolyotning transponderi kuzatilmasligi uchun havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay o‘chirilgan”, dedi agentlik suhbatdoshlaridan biri.

“Bloomberg” manbalarining xabar berishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin endi o‘z razvedka xizmatlaridan Asadga nisbatan ortib borayotgan tahdid nima uchun o‘z vaqtida sezilmagani haqida tushuntirish talab qilmoqda.

“Shu bilan birga, Putin haligacha Suriya rejimi qulaganini oshkora tan olmayapti, Rossiya ommaviy axborot vositalari esa uning mag‘lubiyatida Asadning o‘zi aybdor va sodiq Moskva o‘z ittifoqchisini tark etmagani haqidagi versiyani targ‘ib qilmoqda”, deb yozadi agentlik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Suriyadagi rus bo‘linmalari Asadga qarshi koalitsiyaning qurolli bo‘linmalariga hujum qilib, ularni orqaga surishga va Asadga sodiq harbiylarni kuchaytirishga harakat qilgan. 

“Ammo Suriya hukumat kuchlari isyonchilar Halab va Hamani egallab, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xoms shahri tomon oldinga siljiy boshlagani uchun ozgina qarshilik ko‘rsatdi. Shuning uchun Rossiya Asad rejimini himoya qila olmaydi, degan xulosaga keldi”, dedi manbalardan biri.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing