Rossiya AQSH bilan yana mahbuslar almashishga tayyorligini bildirdi

Olam

image

Rossiya Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan yana bir mahbus almashish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi.

Diplomatga ko‘ra, bunday kelishuvlar Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi. Ryabkovning ta’kidlashicha, yangi kelishuv “oldinga sog‘lom qadam” bo‘ladi. U AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati uchun bu qadamning juda muhim ekanligini ta’kidlagan.

Unga ko‘ra, bunday kelishuv har ikki tomonning ko‘p bosqichli yondashuvini, shu jumladan mahbuslarni afv etishni talab qiladi.

“Mash” kanaliga ko‘ra, mahbuslar almashinuvi 2025 yil fevralida, 20 yanvarga rejalashtirilgan Tramp inauguratsiyasidan bir necha hafta o‘tib, amalga oshirilishi mumkin. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ro‘yxatiga Qo‘shma Shtatlarda josuslik va sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarini uyushtirishda ayblangan 70 kishi kiritilgan. Amerika ro‘yxatiga harbiy xizmatchi Gordon Blek, AQSH fuqarosi Jozef Tater, AQSH va Rossiya fuqarosi Kseniya Karelina kiritilgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida avvalgi mahbuslar almashinuvi joriy yilning 1 avgust kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan edi. Unda Rossiya, AQSH, Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Belarus qamoqxonalarida saqlanayotgan 26 kishi almashilgan. Ozod qilingan o‘n nafar, jumladan, ikki bola Rossiyaga, 13 nafari Germaniyaga, uch nafari AQSHga jo‘nab ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning Vnukovo aeroportida G‘arb davlatlari bilan mahbuslar almashinuvi doirasida vataniga qaytgan rossiyaliklarni shaxsan kutib olgandi. “Interfaks” agentligi xabariga ko‘ra, uchish-qo‘nish yo‘lagida rossiyaliklarni Prezident polkining harbiy xizmatchilari ham kutib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya mahbus almashish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing