Rossiya “don kelishuvi”ni bekor qildi
Olam
−
17 iyul 2023
23871Rossiya ertaga, 18 iyuldan boshlab Don yo‘lagi kelishuvi o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, don kelishuvining H bandiga muvofiq, Rossiya tomoni uning yanada uzaytirilishiga e’tiroz bildirmoqda. Bu haqda Turkiya va Ukraina tomonlari hamda BMT Kotibiyati rasman xabardor qilingan.
“Don yo‘lagi kelishuvi 18 iyuldan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu navigatsiya xavfsizligi kafolatlarining bekor qilinishi, dengiz gumanitar koridorining cheklanishi, Qora dengiz shimoli-g‘arbidagi vaqtinchalik xavfli hudud rejimining tiklanishi va Istanbuldagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazining tarqatilishini anglatadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Rossiya TIV Ukraina oziq-ovqatlarini quruqlik yo‘laklari orqali eksport qila oladigan Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari bilan e’lon qilingan birdamlikni ko‘rsatish vaqti kelganiga ishonch bildirgan.
“Ammo, shu bilan birga, hech qanday nazoratsiz kelgan arzon va sifatsiz g‘alla Yevropa bozorlarini butunlay cho‘kishi, mahalliy fermerlarning noroziligini keltirib chiqarish xavfi bor. Agar bu haqiqatan ham Bryusselni xavotirga solayotgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi a’zolari uni sotib olishlari va ochlikka qarshi kurash haqida gapirish o‘rniga uni muhtoj davlatlarga yuborishni boshlashlari mumkin”, deyiladi bayonotda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Don yo‘lagi kelishuvi tugatilganini tasdiqlagan.
“Aslida bugundan boshlab Qora dengiz bo‘yicha kelishuvlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Afsuski, Rossiyaga tegishli Don yo‘lagi kelishuvining bir qismi hali amalga oshirilmagan, shuning uchun uning ta’siri to‘xtatildi. Kelishuvlarning Rossiya qismi bajarilishi bilanoq, Rossiya tomoni darhol ushbu bitimni amalga oshirishga qaytadi”, degan Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvni uzaytirmaslik haqidagi qarorning Qrim ko‘prigidagi tungi voqeaga aloqasi yo‘q, Peskov buni “terrorchilik harakati” deb atagan va voqeada Ukrainani ayblagan.
Ukraina harbiylari esa hujum Rossiyaning o‘zi tomonidan sodir etilgan provokatsiya bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda, biroq Ukraina OAVlari huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib, voqea ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati turganini xabar qilmoqda.
“Bu mutlaqo bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan voqealar. Teraktdan oldin ham bu pozitsiyani Prezident Putin e’lon qilgan”, deydi Peskov.
Ma’lumot uchun, Don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, martgacha, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Yakuniy muddat – bugun, 17 iyul kuni tugaydi.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova qashshoq davlatlar uchun tashkil etilgan Don kelishuvi doirasidagi oldi-sotdi jarayonlarining 81 foizi yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri kelishini, bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida amalga oshirilayotganini aytgandi. 13 iyulda esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Don kelishuvi bo‘yicha barcha shartlar bajarilmaguncha, Rossiya tashabbusdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini bildirdi hamda G‘arb kelishuv doirasidagi Rossiya manfaatlariga tegishli va’dalarning hech birini bajarmaganini eslatdi. Shuningdek, u don bitimi bir tomonlama o‘yin ekanini aytdi. Biroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rossiyalik mavqedoshi Putin go‘yoki don shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lgani haqida bayonot berdi. Putinning voizi Dmitriy Peskov esa Erdo‘g‘anning so‘zlarini rad etdi.
LiveBarchasi