Rossiya 400 ga yaqin askarini Damashqdan Xmeymimga ko‘chirdi
Olam
−
15:49
1828So‘nggi kunlarda Rossiya Suriya poytaxti Damashq chekkasidan Xmeymim aviabazasiga kamida to‘rt yuz nafar askarini o‘tkazdi. Bu haqda bugun, 16 dekabr kuni Suriyada hokimiyatga kelgan “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) islomiy guruhi Siyosiy byurosi a’zosi Kamol Labobidiyga tayanib, Britaniyaning "The Financial Times" gazetasi xabar berdi.
Labobidiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish Suriyaning yangi rasmiylari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Gap avvalroq Damashq chekkasidagi Qudsaye shahridagi Suriya armiyasi to‘rtinchi diviziyasi shtab-kvartirasida joylashgan rossiyalik harbiylar va Rossiyaning Damashqdagi elchixonasida xizmat qilgan harbiylar haqida bormoqda.
FT tomonidan ko‘rilgan videotasvirlarda 100 ga yaqin harbiy mashinalar, jumladan zirhli transportyorlar, traktorlar, yoqilg‘i tankerlari va ko‘chma tibbiy bo‘linmalardan iborat karvon ko‘rsatilgan. Labobidiyning aytishicha, harbiylar Xmeymim bazasidan Rossiya Federatsiyasiga olib ketilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Suriyada hokimiyatni egallab olgan isyonchilarning qarorgohiga aylangan Damashqdagi Four Seasons mehmonxonasida rossiyalik harbiy xizmatchilarni mamlakatning boshqa hududlaridan evakuatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya TIV Moskva HTSH siyosiy qo‘mitasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatganini aytdi. Rossiya diplomatlari guruh vakillari bilan uchrashib, ular bilan Suriyadagi diplomatik missiya va Rossiya fuqarolarining xavfsizligini muhokama qilgan.
"Bloomberg" manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya Suriyaning yangi hukumati bilan Suriyadagi ikkita harbiy bazasi – Latakiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasi va O‘rtayer dengizi sohilidagi Tartus harbiy-dengiz bazasini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi.
"Reuters" xabariga ko‘ra, Rossiya Suriya shimolidagi front chizig‘idan va Alaviy tog‘laridagi postlardan bir qancha og‘ir texnika va yuqori martabali zobitlarni olib chiqmoqda, biroq Suriyadagi ikkita asosiy rus bazasidagi qo‘shinlar qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Damashqdan o‘z diplomatik vakolatxonalari xodimlari va Belarus, Shimoliy Koreya va Abxaziya diplomatik vakolatxonalari xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilgandi.
LiveBarchasi