Rossiya hech qanday majburiyat olmagan – Lavrov Odessa portiga hujumni xaspo‘shladi
Olam
−
25 iyul 2022
10228Rossiya don shartnomasi bo‘yicha Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazishni taqiqlovchi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Odessa portiga uyushtirilgan raketa hujumi Istanbulda imzolangan kelishuvga zidligi haqidagi fikrlarga shunday munosabat bildirdi.
“Siz aytib o‘tgan Odessada bo‘lib o‘tgan epizod haqida gapiradigan bo‘lsak, Rossiya o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarida, jumladan, 22 iyul kuni Istanbulda imzolangan kelishuvlar doirasida bizga “maxsus harbiy operatsiya”ni davom ettirishni, harbiy infratuzilmani yo‘q qilishimizni taqiqlovchi hech narsa yo‘q”, degan Lavrov kelishuv imzolanganidan 24 soat ham o‘tmay bandargohga uyushtirilgan hujumni xaspo‘shlab.
Lavrov so‘zida davom etib, Odessadagi don terminali harbiy ob’ektlardan ancha uzoqda joylashgani, Rossiya don eksporti uchun hech qanday to‘siq yaratmaganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Istanbulda tuzilgan shartnomalar Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlaridan don eksportini boshlashni nazarda tutadi.
LiveBarchasi