Kreml Odessa portiga uyushtirilgan hujumga munosabat bildirdi
Olam
−
25 iyul 2022
14087Ukrainaning Odessa bandargohiga ruslar tomonidan berilgan raketa zarbasi Rossiya mahsulotlarini eksportga yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish va Rossiyaning Ukraina donini eksport qilishda yordam berishi to‘g‘risidagi hujjatlar doirasida g‘allani yuklash uchun ishga solingan infratuzilmaga hech qanday shaklda ta’sir ko‘rsatmagan. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Odessa portiga uyushtirilgan zarbaga izoh berib, shunday fikr bildirdi.
“Bu faqat harbiy infratuzilma bilan bog‘liq. Bu kelishuvlarni bajarish va donni eksport qilish uchun foydalaniladigan infratuzilmaga hech qanday aloqasi yo‘q. Shuning uchun, bu hech qanday tarzda jo‘natish jarayonining boshlanishiga ta’sir qila olmaydi va ta’sir qilmasligi kerak”, degan Peskov.
Bundan oldin Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan Odessa portidagi Ukraina harbiy kemasiga va Amerika yetkazib bergan Harpoon raketalari saqlanadigan omborga zarba berilganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Istanbulda tuzilgan shartnomalar Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlaridan don eksportini boshlashni nazarda tutadi.
LiveBarchasi