Rossiya harbiy zavodidagi portlashda halok bo‘lganlar 20 nafarga yetdi
Olam
−
18 avgust 2025 7722 2 daqiqa
Rossiyaning Ryazan viloyati Shilovskiy tumanida joylashgan “Elastik” porox zavodida yuz bergan portlash oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda hududiy RBK xabar berdi.
Portlash 15 avgust kuni ertalab “Elastik” zavodida sodir bo‘lgan. Zavod qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Portlash oqibatida porox sexining binosi to‘liq vayron bo‘lgan.
“Astra” nashriga ko‘ra, yong‘in keyinchalik trotil saqlanadigan omborga va 152 millimetr kalibrli o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan ikkinchi sexga ham tarqalgan. Umumiy hisobda to‘rt bino butunlay vayron bo‘lgan. Portlash sababi hozircha aniq emas. Dastlab asosiy versiya sifatida xavfsizlik qoidalarining buzilishi ko‘rib chiqilgan.
“Mash” esa ish jarayonida o‘q-dorilar detonatsiyasi yuz berganini yozgan. Shu voqea bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining 217-moddasi 3-qismi (xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi talablarini buzish oqibatida odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Halok bo‘lganlardan tashqari, 154 kishi jarohat olgan, ulardan 31 nafar bemor Ryazan va Moskva shifoxonalarida davolanmoqda.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, vayron bo‘lgan 3000 kvadrat metr maydonning yarmi tozalangan. Itlar yordamida barcha binolarda tirik qolganlarni izlash ishlari olib borilgan.
Bu “Elastik” zavodida oxirgi 4 yil ichida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan ikkinchi yirik portlash hisoblanadi. Avvalgi portlash 2021 yilda sodir bo‘lgan edi va o‘shanda 17 kishi halok bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Saratov shahridagi o‘n qavatli turarjoy binosida portlash yuz bergan va portlash oqibatida 3 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi