Rossiyadagi harbiy zavod portladi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
15 avgust 2025 18307 2 daqiqa
Rossiyaning Ryazan viloyatida joylashgan “Elastik” zavodining qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bo‘limida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bo‘lim binosi to‘liq vayron bo‘ldi va yong‘in chiqdi. Bu haqda bugun, 15 avgust kuni Ryazan guruhi tezkor guruhi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 5 kishi halok bo‘lgan, yana 20 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Jabrlanganlar orasida korxona ishchilari va voqea joyida bo‘lgan texnik xodimlar bor.
Guvohlarning aytishicha, portlash juda kuchli bo‘lib, ovoz bir necha kilometr masofadan eshitilgan. Yong‘in xavfsizlik xizmatlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan, ammo yong‘in yuqori harorat va portlovchi moddalar tufayli tez tarqalgan. Hozircha yong‘in to‘liq o‘chirilgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlar bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.
“Elastik” zavodi 1962 yilda ochilgan bo‘lib, Sovet davrida aviatsiya o‘q-dorilari ishlab chiqarishda monopolist korxona hisoblangan. Mustaqillikdan keyingi yillarda ishlab chiqarish hajmi kamayib, 2015 yilda korxona bankrot deb topilgan. Shundan so‘ng, uning binolari va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish litsenziyalari xususiy “Razryad” kompaniyasiga o‘tgan. Bu kompaniya portlovchi moddalarni ishlab chiqarish, saqlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha ruxsatnomaga ega.
Bu zavodda avval ham katta falokatlar yuz bergan. 2021 yilda texnologik jarayon buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan portlashda 17 kishi halok bo‘lgan va ko‘plab ishchilar jarohatlangan.
Hozirgi voqea bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hodisaga texnologik intizomning buzilishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi yoki inson omili sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Mutaxassislar portlash sabablari va zarar miqdorini aniqlamoqda.
Jahongir Boltaboyev
Live
Barchasi