Voronejdagi muhim harbiy zavodga raketa zarbasi berildi
Olam
−
22 iyun 4564 2 daqiqa
Bugun, 22 iyun kuni Ukraina Qurolli kuchlarining Harbiy-havo kuchlari bo‘linmalari Rossiyaning Voronej shahridagi raketa komponentlari ishlab chiqaradigan zavodga zarba berdi. Bu haqda harbiy idoraga tayanib, RBK-Ukraina xabar berdi.
Harbiylarning bildirishicha, zarba berish uchun yuqori aniqlikdagi qanotli raketalardan foydalanilgan.

“Ushbu korxona Rossiya harbiy-sanoat majmuasining o‘ta muhim elementi hisoblanadi. Unda Rossiya raketalari, xususan, “Iskandar” tezkor-taktik raketa majmualari uchun ishlatiladigan elektronika mahsulotlari ishlab chiqariladi”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Rossiya korxonasi ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida raketa qurollari va havo mudofaa tizimlari uchun quyidagi komponentlarni yetkazib beradi:
- X-101 qanotli raketalari uchun tranzistorli bloklar va matritsalar;
- “Iskandar-K” majmuasi raketalarining bort hisoblash mashinalari uchun detallar;
- “Pansir-S1” zenit majmualarining televizion kanallari uchun elektronika.
“Ushbu zavod mahsulotlaridan dushman to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori aniqlikdagi boshqariladigan qurollarni ishlab chiqarishda foydalanadi. Rossiya bosqinchilari aynan shu qurollar yordamida Ukraina hududiga zarbalar berib, tinch aholini halok qilmoqda”, deyiladi Bosh shtab bayonotida.


Ukrainaliklarning qayd etishicha, zavod quvvatlarining yo‘q qilinishi yangi raketalar ishlab chiqarish imkoniyatini sezilarli darajada yomonlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning uch yuzdan ortiq droni Rossiya hududiga zarba bergani haqida xabar qilingan edi. Dronlar Belgorod, Bryansk, Volgograd, Voronej, Kaluga, Kursk, Rostov, Tambov, Tver, Tula, Smolensk viloyatlari, shuningdek, Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Qrim, Azov va Qora dengizlar uzra urib tushirilgan.
Live
Barchasi