Rossiya bosqini haqidagi vahima Ukraina iqtisodiyotiga qanchaga tushgani aytildi

Olam

image

Ukraina iqtisodiyoti Rossiyaning ehtimoliy bosqini haqidagi xabarlar sabab har oy 2-3 milliard dollar yo‘qotmoqda. Bu haqda TASS “Xalq xizmatchisi” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari David Araxamiyaga asoslanib, ma’lum qildi.

“Odamlar tushunishi kerak, Rossiya bosqini haqidagi xabarlar mamlakatga har oyda 2-3 milliard dollarga tushmoqda. Shu tufayli biz tashqi bozorlardan qarz ololmaymiz, chunki ular mamlakatga “aqldan ozdiradigan” stavkalarni taklif qilmoqda. Biz har kuni iqtisodning yo‘qotishlarini hisoblayapmiz”, deydi David Araxamiya

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, vaziyat bir qator G‘arb davlatlari o‘zining elchixonalarini Kiyevdan Lvovga ko‘chirish haqidagi qarori sabab yanadan og‘irlashyapti.

“Ular tushunishi kerak: kimdir elchixonani Lvovga ko‘chirishga qaror qilsa, bunday yangilik Ukraina iqtisodiyotiga bir necha yuz million dollarga tushadi”, deb shikoyat qildi deputat.

Ma’lumot uchun, yanvar oyi oxirida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy axborot maydonida “Rossiya bosqinining ehtimoli borligi” haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshlaganidan keyin mamlakatdan 12,5 milliard dollar olib chiqib ketilganini aytgandi.

Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi sabab Sharqiy Yevropada inqiroz yuaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.  

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.

Shu fonda AQSHning Ukrainadagi elchixonasi xodimlari Kiyevdan Lvovga ko‘chirildi. Avstraliya va Kanada ham diplomatik vakolatxonalarini ushbu shaharga ko‘chirmoqchi. 28 dan ortiq davlat o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina Kiev

Baholaganlar

319

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing