Rishtonda fuqaro IIB xonasida hushini yo‘qotgani ortidan xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani IIB binosiga olib kirilgan fuqaro hushini yo‘qotib, reanimatsiyaga yotqizilganligi haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
 

Qayd etilishicha, kecha, 4 iyul kuni Rishton tumanining Gumbaz mahallasida fuqaro R.M. (videotasvirdagi fuqaro) Cobalt avtomashinasida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib “To‘xtash taqiqlanadi” yo‘l belgisi ta’sir doirasiga avtomashinani qo‘ymoqchi bo‘lganda, IIO xodimlari unga huquqbuzarligini tushuntirmoqchi bo‘lgan. Biroq R.M. xodimlarning qonuniy talabini bajarmasdan, ularni haqorat qilib, transport vositasini shu yerda turgan fuqarolar va IIB xodimlari ustiga harakatlantirgan.

Shundan so‘ng huquqbuzarlik sodir etayotgan shaxs zararsizlantirilib, majburiy tarzda IIO tayanch punktiga olib borilgan. Tayanch punktiga uning akasi M.R. ham kelib, baqir-chaqir qilib, xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan.

Shu payt R.M.ning tutqanog‘i tutib o‘zini yo‘qotgan (fuqaro R.M.ning muqaddam avtohalokat oqibatida orttirilgan epilepsiya kasalligi bo‘lgan). Fuqaroga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Keltirilishicha, tibbiy ko‘rik jarayonida fuqaroga jarohat yetkazilish holati aniqlanmagan. Hozirda fuqaro R.M. va akasi M.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborilgan. Shuningdek, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rishton tumani Farg'ona IIB reanimatsiya xizmat tekshiruvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing