Rishi Sunakning qaynonasi Hindiston parlamentiga nomzod bo‘ldi

Olam

image

Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu Buyuk Britaniyaning birinchi osiyolik Bosh vaziri Rishi Sunakning qaynonasi, yozuvchi va xayriyachi Sudha Murtini Radjya sabxa (Hindiston parlamentining yuqori palatasi)ga nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda kecha, 8 mart kuni "The Week" nashri ma’lum qildi.

Bu qarorni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ham qo‘llab-quvvatlagan. U Sudha Murtining turli sohalarga, jumladan, xayriya va ta’lim sohasi rivoji uchun qo‘shgan hissasini yuqori baholagan. Modining so‘zlariga ko‘ra, Murtining faoliyati "buyuk va ilhomlantiruvchi" kuchga ega.

“Hindiston Prezidenti Sudha Murti nomzodini parlamentga ko‘rsatganidan xursandman. Sudha xonimning turli sohalarga, jumladan, ijtimoiy ish, xayriya va ta’limga qo‘shgan hissasi buyuk va ilhomlantiruvchi”, degan u.

Radjya sabxa 245 a’zodan iborat bo‘lib, ularning aksariyati shtatlar va boshqa hududlarning qonun chiqaruvchi organlari tomonidan saylanadi. Ammo 12 nafar a’zo odatda san’at, adabiyot va fanga, shuningdek, jamoat faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun Prezident tomonidan shaxsan tayinlanadi. 73 yoshli Murti o‘qituvchi, xayriyachi va yozuvchi sifatida tanilgan. U ingliz va kannada (Hindistonning janubi-g‘arbiy qismida so‘zlashuv tili) tillaridagi gazetalarda kolumnistlik qilgan. 
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyaning amaldagi Bosh vaziri Rishi Sunak 2006 yilda Sudha Murtining qizi Akshata Murti bilan turmush qurgan, ularning ikki nafar farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolning qaynonasi Chxve In Sun hujjatlarni qalbakilashtirish va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topilib, 2024 yilning iyuligacha ozodlikdan mahrum etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

parlament Narendra Modi Rishi Sunak Sudha Merti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing