Rioning yo‘qotilgan yulduzi
Intervyu
−
16 avgust
19317Rio-2016 Olimpiadasi tom ma’noda o‘zbek sportini yangi darajaga ko‘tardi. Ayniqsa, Braziliya arenalarida o‘zbek bokschilari tomonidan erishilgan natijalar delegatsiyaning Parij Olimpiadasiga qadar tarixdagi eng yaxshi natijasini qayd etishiga sabab bo‘lgandi.
Rio Olimpiadasida o‘zbekistonlik bokschilar jami 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.
Charm qo‘lqop ustalaridan dastlabki medalni qo‘lga kiritgan bokschilardan biri bu -91 kg vaznda bahslarda qatnashgan Rustam To‘laganov edi.
Afsuski, o‘sha paytlarda yorqin boksi bilan katta tezlikda muxlislar qalbidan joy olgan To‘laganov bugun boks faoliyatida emas. QALAMPIR.UZ 32 yoshli To‘laganov boksdan nega uzoqlashgani va hozirgi vaqtda qanday faoliyat bilan bandligiga qiziqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, To‘laganovning boksdan ketishiga o‘sha paytlardagi qator muammolar sabab bo‘lgan. Jumladan, unga terma jamoada kam e’tibor qaratilgan va uning o‘rniga boshqa bokschi xalqaro musobaqalarga olib chiqilgan, To‘laganovga esa havaskor boksning eshiklarini yopishgan.
“Riodan keyin menga havaskor boks tushishni taqiqlab qo‘yishdi. Keyin profga o‘tib jang o‘tkazdim. Karantin sabab profdagi faoliyatim ham to‘xtab qoldi, keyin yana O‘zbekistonga qaytib havaskorda jang qilmoqchi bo‘ldim, lekin o‘sha paytlarda federatsiyada Rustam To‘laganov havaskor boksda jang o‘tkazmasin, degan hujjat tayyorlashdi. Shunaqa ishlar oqibatida boksdan yiroqlashib ketdim”, deydi To‘laganov.
Shuningdek, bokschi 2016 yil va hozirgi vaqtdagi boksning farqini aytdi.
“Avvalgi boks ancha agressiv edi. O‘zbek bokschilari yaqqol ustunlik bilan harakat qilishmasa, g‘alaba berilmas edi. Hozir esa unaqa emas, hozirda bokschilarimiz ozgina ustunlik qilsa va texnika ko‘rsatsa ham g‘alaba qozonyapti, bizning davrda g‘alabani raqibdan yulib olish kerak edi”, deydi bokschi.
Ma’lumot uchun, Rustam To‘laganov Rio-2016 Olimpiadasidagi bronza medaldan tashqari, Osiyo chempionati va Xalqaro Universiada o‘yinlarida ham sovrindor bo‘lgan. Bundan tashqari, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” hisoblanadi.