Rim papasining o‘lim sababi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rim papasi Fransiskning o‘limiga insult sabab bo‘lgani aytildi. Bu haqda “Vatican News” xabar berdi.

Vatikan tomonidan e’lon qilingan o‘lim guvohnomasida aytilishicha, insult og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan yurak yetishmovchiligiga olib kelgan. Tibbiy xulosaga ko‘ra, Fransisk multimikrobiyal ikki tomonlama pnevmoniya, ko‘p bronxoektaziya, yuqori qon bosimi va II turdagi diabet tufayli kelib chiqqan o‘tkir nafas yetishmovchiligidan aziyat chekkan.

Rim papasining vafoti munosabati bilan Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Oq uy, Buyuk Britaniya qiroli Charlz III, Argentina Prezidenti Xaver Miley va boshqalar hamdardlik bildirdi.

Buenos-ayreslik Fransiskning vafoti munosabati bilan Argentina hukumati bir haftalik motam e’lon qildi. Ispaniya va Livanda ham motam e’lon qilindi. Buyuk Britaniyada motam belgisi sifatida Britaniya qiroli Charlz III'ning barcha qarorgohlarida davlat bayroqlari yarmiga tushiriladi.

Ma’lumot uchun, Fransisk 2013 yilda papa etib saylanganidan beri bir necha kasallikdan aziyat chekib kelayotgan edi. U 2021 yilning iyul oyida ham 10 kun shifoxonada yotib, yo‘g‘on ichak torayishidan davolangan. Keyinchalik Fransisk yo‘g‘on ichagining bir qismini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyotidan o‘tgan. Fransisk 2022 yildan beri tizzalaridagi og‘riq sababli nogironlar aravachasidan foydalanib kelayotgandi. U o‘zining sog‘lig‘iga oid muammolarni avtobiografiyasida kamtarona baholab, shunday yozgandi: “Men yaxshiman. Haqiqat shuki, men shunchaki qariyapman.”

Katolik cherkovining yangi rahbarini saylash uchun Fransisk vafotidan 15-20 kun o‘tgach konklav chaqiriladi. Har qanday katolik erkak bu lavozimga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin, lekin u odatda kardinallardan biri bo‘ladi.

Italiyaning “La Stampa” gazetasi hozirda Vatikan davlat kotibi lavozimini egallab turgan Petro Parolinni Rim papasi lavozimiga eng ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rsatdi. Parolin, nashrning ta’kidlashicha, “cherkovni ochiq saqlay oladi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 fevral kuni marhum Rim papasi Fransisk uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bronxitni davolash uchun shifoxonaga olib borilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsisk Vatikan P'etro Parolin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing