Vatikan AQSH bilan Maduro bo‘yicha maxfiy muzokaralar o‘tkazgan – OAV

Olam

image

Vatikan 2025 yil dekabr oxirida AQSHni “sabrli bo‘lishga” va Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroga Rossiyaga qochib ketish imkonini berishga ko‘ndirishga uringan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vatikanda Papadan keyin ikkinchi shaxs bo‘lgan kardinal Petro Parolin dekabr oyining oxirida AQSHni Venesuyelaning sobiq yetakchisi Nikolas Maduroga Rossiyada boshpana olish imkonini berishga ko‘ndirishga harakat qilgan. 

“Maduroga lavozimni tark etib, pullaridan bemalol foydalanib yashash taklif qilingan. Ushbu taklifning bir qismi sifatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning xavfsizligini kafolatlagan”, deyiladi xabarda.

Nashrning yozishicha, Parolin Yangi yil arafasida AQSHning Muqaddas Taxt huzuridagi elchisi Brayan Burchni zudlik bilan huzuriga chaqirgan va Vashingtonning Venesuela bo‘yicha rejalariga aniqlik kiritishni talab qilgan. Nashr hukumat hujjatlariga tayanib yozishicha, bir necha kun davomida ta’sir doirasi keng bo‘lgan italiyalik kardinal AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan bog‘lanishga uringan va “Venesuelada qon to‘kilishi va beqarorlikning oldini olishga jon-jahdi bilan harakat qilgan.”

Burch bilan suhbat chog‘ida, AQSH Prezidenti Donald Trampning ittifoqchisi bo‘lgan elchiga Parolin, xususan, Moskva Maduroga boshpana berishga tayyorligini bildirgan va venesuyelalik siyosatchi bu taklifga rozi bo‘lguniga qadar amerikaliklardan sabr qilishni iltimos qilgan.

Vatikan esa o‘z navbatida maxfiy suhbatdan parchalarning ommaga oshkor qilingani va ularning Rojdestvo davrida bo‘lib o‘tgan suhbat mazmunini to‘liq va aniq aks ettirmayotganidan norozi ekanini bildirgan. Burchning matbuot kotibi ushbu masala bo‘yicha barcha savollarni AQSH Davlat departamentiga yo‘naltirgan, biroq u izoh berishdan bosh tortgan. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham nashr so‘roviga javob bermagan.

Ma’lumot uchun, Venesuela Prezidentini qo‘lga olish bo‘yicha “Mutlaq qat’iyat” deb nomlangan operatsiya 3 yanvarga o‘tar kechasi amalga oshirilgan. Karakas va boshqa hududlardagi strategik obektlarga raketa zarbalari berilgan. Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, AQSHga olib ketilgan. 

Ularga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan va ular AQSHda sud qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Venesuelaga qilgan hujumi oqibatida 100 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Vatikan Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing