Rim papasining dafn marosimi qachon bo‘lishi e’lon qilindi

Olam

image

Rim papasi Fransiskning dafn marosimi joriy yilning 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, avvaldan Fransisk papalarning dafn marosimini “ortiqcha” deb hisoblagan va bir nechta an’anaviy tadbirlardan voz kechgan.

Qayd etilishicha, Fransiskni Vatikanga emas, balki Santa-Mariya-Major Rim bazilikasiga dafn etishadi.

Marosimga AQSH Prezidenti Donald Tramp, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva kelishi rejalashtirilgan.

Buenos-ayreslik Fransiskning vafoti munosabati bilan Argentina hukumati bir haftalik motam e’lon qilgan. Ispaniya va Livanda ham motam e’lon qilingan. Buyuk Britaniyada motam belgisi sifatida Britaniya qiroli Charlz IIIʼning barcha qarorgohlarida davlat bayroqlari yarmiga tushirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Fransisk 2013 yilda papa etib saylanganidan beri bir necha kasallikdan aziyat chekib kelayotgan edi. U 2021 yilning iyul oyida ham 10 kun shifoxonada yotib, yo‘g‘on ichak torayishidan davolangan. Keyinchalik Fransisk yo‘g‘on ichagining bir qismini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyotidan o‘tgan. Fransisk 2022 yildan beri tizzalaridagi og‘riq sababli nogironlar aravachasidan foydalanib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rim papasi Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etgandi. Fransiskning o‘limiga insult sabab bo‘lgani aytildi. Vatikan tomonidan e’lon qilingan o‘lim guvohnomasida qayd etilishicha, insult og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan yurak yetishmovchiligiga olib kelgan. Tibbiy xulosaga ko‘ra, Fransisk multimikrobiyal ikki tomonlama pnevmoniya, ko‘p bronxoektaziya, yuqori qon bosimi va II turdagi diabet tufayli kelib chiqqan o‘tkir nafas yetishmovchiligidan aziyat chekkan.


Maqola muallifi

Teglar

Rim papasi Frantsisk Vatikan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing