Rim Papasi Qozog‘iston uchun duo qilishga chaqirdi
Olam
−
11 aprel
10770Kecha, 10 aprel kuni Vatikanda bo‘lib o‘tgan umumiy tinglovchilar yig‘ilishida Rim Papasi barcha dindorlarni tabiiy ofat oqibatlaridan aziyat chekayotgan Qozog‘iston xalqi uchun duo qilishga chaqirdi. Bu haqda “Vatikan News” nashri xabar berdi.
Papa 2022 yilda Qozog‘istonga tashrif buyurganini eslab, respublika xalqiga ma’naviy yaqinlik his qilishini aytgan.
“Mamlakatning ko‘plab hududlariga ta’sir ko‘rsatgan va minglab odamlar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan keng ko‘lamli suv toshqinlari munosabati bilan ayni paytda Qozog‘iston xalqiga ruhiy yaqinligimni bildirmoqchiman. Men barchani ushbu tabiiy ofat oqibatlaridan aziyat chekkanlar uchun duo qilishga chaqiraman”, degan u.
Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda suv toshqini davri boshlanganidan buyon 96 472 kishi qutqarilgan, ulardan 31 640 nafari bolalardir. Hozirda Qozog‘istonning 10 ta hududida mahalliy favqulodda vaziyatlar e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning qator hududlarida suv toshqini tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat yuzasidan xalqdan uzr so‘rab chiqqan edi.
LiveBarchasi