Rim Papasi Iroq shialari rahnamosi bilan uchrashdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, Rim Papasi Fransisk ilk bor Iroq poytaxti Bag‘dodga uch kunlik havoriylik tashrifi bilan kelgani haqida xabar bergan edik.

Bugun, 6 mart kuni Rim Papasi Fransisk Iroq shialarining diniy yetakchisi Buyuk Oyatulloh Ali Sistoniy bilan papalik tarixidagi birinchi uchrashuvni o‘tkazdi. Muqaddas Taxt Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, suhbat shaxsiy bo‘lgan va shia musulmonlarining ma’naviy markazi, to‘rtinchi xalifa Ali davn etilgan An-Najafdagi qarorgohda bo‘lib o‘tgan. 

Suhbatda Rim Papasi butun Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik o‘rnatish uchun turli dinlar o‘rtasida muloqot zarurligini ta’kidlagan.

“Uchrashuv qariyb 40 daqiqa davom etdi. Papa Fransisk diniy jamoalar o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlikning Iroqda hamda butun mintaqada tinchlikka xizmat qiladigan muloqotni rivojlantirish yo‘lida muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Pontifik Buyuk Oyatullohga eng og‘ir yillarda ham ojizlarning himoyasiga turgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga inson hayotining muqaddasligini ta’kidlab, Iroq xalqini birdamlikka chaqirmoqda”, deyiladi Matbuot bayonotida.

O‘z navbatida, Iroq shialarining ma’naviy yetakchisi Yaqin Sharq mintaqasida urushlar va zo‘ravonliklarga, shuningdek, falastinliklarga e’tibor qaratib, u yerda yashovchi xalqlarning huquqlari poymol qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan. 

“Buyuk Oyatulloh Ali Sistoniy adolatsizlik, qashshoqlik, diniy va intellektual ta’qiblar, asosiy huquqlarning buzilishi, urushlar va zo‘ravonliklar, mintaqadagi ko‘plab odamlarning, ayniqsa, bosib olingan hududlardagi falastinliklarning ko‘chib ketishi haqida gapirdi”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, Sistoniy asosiy dinlar va ularning rahbarlarining ushbu fojialarni yengishda, ya’ni manfaatdor tomonlarni, ayniqsa, ta’sir doirasi katta bo‘lgan kuchlarni urushlardan voz kechish zarurligiga ishontirishda, shuningdek o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini inson huquqlaridan ustun qo‘ymaslikka chaqirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan. 

Ali Sistoniy, shuningdek, Fransiskka barcha iroqliklarning tinch va xafsizlikda yashashini istaganidek nasroniylarning ham Iroqda yashashiga xayrixoh ekanini ta’kidlagan.

Kuzatuvchilar ushbu uchrashuvning dinlararo muloqot uchun tarixiy ahamiyatini ta’kidlamoqda.

Iroqning turli siyosiy kuchlari tan olgan Buyuk Oyatulloh Ali Sistoniy 2014 yilda xalqni “Islomiy davlat” (avvalgi ISHID) terrorchilik tashkilotiga qarshi turishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq Rima Papasi

Baholaganlar

102

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing