Iroqda 75 ming yil oldin yashagan odamning suyaklari topildi
Olam
−
19:06 499 2 daqiqa
Iroqning Kurdiston mintaqasidagi g‘ordan topilgan 75 ming yillik neandertal qoldiqlari qadimgi odamlar o‘rtasidagi zo‘ravonlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik haqida yangi ma’lumotlarni ochdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar Iroq shimolidagi Zagros tog‘larida joylashgan Shanidar g‘oridan yoshi taxminan 40 yoshdan oshgan neandertalning qisman saqlanib qolgan skeletini topgan. “Shanidar A” deb nomlangan ushbu shaxsning jinsi aniqlanmagan.
Uning chap kurak suyagida diametri 15 millimetr bo‘lgan dumaloq teshik aniqlangan. Olimlarning fikricha, jarohat o‘tkir uchli yog‘och nayzaning kuchli zarbasi oqibatida yuzaga kelgan. Nayza chap ko‘krak qafasiga yuqoridan kirib, o‘pka va boshqa to‘qimalarni shikastlagan hamda kurak suyagini teshib o‘tgan. Jarohat tez o‘limga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari hodisaning eng ehtimoliy sababi neandertallar o‘rtasidagi zo‘ravonlik ekanini ta’kidlagan. Ularning fikricha, hujum bir guruh a’zolari o‘rtasida yoki raqib guruhlar o‘rtasida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Zamonaviy insonlar hujumi yoki tasodifiy jarohatlanish ehtimoli esa kamroq deb baholangan.
Shu bilan birga, olimlar neandertallarning o‘zaro g‘amxo‘rlik qilganiga ham dalil topdi. Shanidar A ning tishlari orasida bundan kamida bir yil oldin yuz bergan og‘ir jarohat izlari aniqlangan. Kuchli zarba oqibatida uning old tishlari singan va ayrimlari tushib ketgan, boshqalari esa o‘z o‘rnidan siljigan.
Tadqiqot rahbari, Kembrij universiteti biologik antropologi Emma Pomeroyning aytishicha, bunday jarohatdan keyin ovqat yeyish va suv ichish juda qiyin bo‘lgan. Shu sababli Shanidar A tiklanish davrida guruhdoshlarining yordami va parvarishiga muhtoj bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Shanidar A” qoldiqlari g‘orda topilgan besh nafar neandertalga tegishli suyaklar orasidan aniqlangan. Ularning to‘rttasi katta yoshli, bittasi esa chaqaloq bo‘lgan. Qoldiqlar g‘or ichidagi qoyatosh ustuni ortida bir-biriga yaqin joylashgan holda topilgan.
Shanidar g‘ori 1950 yillardan beri neandertallar hayotini o‘rganishda muhim arxeologik manba hisoblanadi. Yangi tadqiqot natijalari “Scientific Reports” jurnalida e’lon qilingan.
Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu topilma neandertallarni aqlsiz va boshqalarga befarq mavjudotlar sifatida tasvirlaydigan qarashlarni shubha ostiga qo‘yadi. Bir shaxsning hayotida ham zo‘ravonlik, ham g‘amxo‘rlik izlarining aniqlanishi neandertallar xulq-atvori zamonaviy insonlarnikiga ayrim jihatlardan o‘xshash bo‘lganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Xitoyda Homo juluensis deb nomlangan qadimiy odamning yangi turini kashf etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr