RFdagi elchixona aeroportda qolayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
20 mart 2020
7501O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida havo, avtomobil va temir yo‘l aloqasi to‘xtatilgani sababli RFdagi o‘zbekistonliklar uyiga qaytolmay qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Moskvadagi “Vnukovo” va “Sheremetevo” xalqaro aeroportlarida o‘zbekistonliklar qolayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi aeroportda qolayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, elchixona tomonidan “Vnukovo” aeroporti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokalar natijasida o‘zbekistonliklarning vaqtincha qolishi uchun “B” terminali ajratildi. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, jumladan, tibbiyot punkti, hammom va hojatxonalar mavjud, issiq ovqat berilishi yo‘lga qo‘yilgan, mebellar (kreslo, divanlar, stol va stullar) o‘rnatilgan.
“Qator suhbatlarga qaramay, fuqarolarimiz maxsus belgilangan hududga borishdan bosh tortib, hali hamon “Vnukovo” aeroportida ro‘yxatdan o‘tish nuqtasida qolmoqdalar. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan, mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, iloji boricho tezroq “V” terminalga o‘tishlarini so‘rab qolar edik”, deyilgan elchixona xabarida.
Elchixona “Sheremetevo” ayeroportidagi vaziyatni ham nazorat ostiga olgan hamda hozirda Rossiya hukumati bilan boshqa davlatlardan Moskvaga tranzit orali uchib kelgan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish bo‘yicha muzokaralarni olib borayotir. O‘zbek diasporasi vakillari va homiylar bilan birgalikda o‘zbekistonliklarni issiq ovqat bilan ta’minlash masalasi ham hal etilmoqda.
“Yana bir bor Rossiya hududidagi vatandoshlarimizni xotirjamlikka chorlab, imkon qadar, ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilgan holda doimiy/vaqtinchalik yashash joyini tark yetmasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi elchixona.
Eslatib o‘tamizki, 2020 yil 19 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin. Buning uchun ular o‘zlari bo‘lgan joyga eng yaqin Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishlari joizdir.