Restoranlarga 24 soat ishlashga ruxsat berilishi mumkin
Jamiyat
−
20 iyul 2020
25526O‘zbekistondagi restoran biznesi va umumiy ovqatlanish sohasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni tayyorlandi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Bildirilishicha, palataga sohada faoliyat yuritayotgan bir qator tadbirkorlar ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash uchun inqirozga qarshi choralar ko‘rishga yordam berish bo‘yicha murojaat qilishgan.
Palata mutaxassislari koronavirus pandemiyasining oqibatlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasining qat’iy qoidalari tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan restoran biznesi va umumiy ovqatlanish shaxobchalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator zarur va shoshilinch choralarni ko‘rish masalasida Prezident administratsiyasiga ishchi xat bilan murojaat qilgan.
Savdo-sanoat palatasiga taqdim etilgan takliflar natijalariga ko‘ra, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan Prezident farmoni loyihasi tayyorlandi. Unga muvofiq tadbirkorlikni, xususan ovqatlanish sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2020 yil oxiriga qadar quyidagi choralar ko‘riladi:
• bir qator soliq imtiyozlarini uzaytirish;
• yollanma ishchilar sonini ko‘paytirish;
• umumiy ovqatlanish yozgi terrasalarini joylashtirish tartibini joriy etish;
• umumiy ovqatlanish va boshqa ko‘ngilochar muassasalarining ish vaqtini 24 soatgacha uzaytirish va boshqalar.
LiveBarchasi