Toshkentda kurer bilan janjallashgan restoran xodimi qamaldi
3-sahifa
−
10:23 2091 2 daqiqa
Toshkent shahridagi “Brasserie Park” restorani oldida skuterda harakatlanayotgan kurerni haqorat qilgan erkak 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi
.Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda restoran xodimining hududga skuterda kirib kelgan 17 yoshli kurer bilan janjallashgani aks etgan video tarqalgan edi. Unda xodim kurerni haqorat qilib, uning restoranga kirib kelishi xo‘randalarga xalaqit berayotganini aytgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, foydalanuvchilarning e’tirozlariga olib keldi. Shundan so‘ng “Moviy gumbazlar” xiyobonida joylashgan Brasserie restoranining yozgi maydonchasida qonunbuzilishlar aniqlanib, hudud qonunchilik talablariga muvofiq holatga keltirilgan.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 17 oktyabr kuni soat 15:30 atrofida Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Brasserie restorani oldida sodir bo‘lgan. “ONE MORE” MCHJda haydovchi bo‘lib ishlaydigan S.R. skuterda harakatlanayotgan kurerga bu yerda harakatlanmasligi kerakligini aytgan. O‘rtada kelib chiqqan kelishmovchilik ortidan u kurerni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Sud majlisida S.R. aybiga qisman iqror bo‘lib, jahl ustida kurerni so‘kkanini tan olgan va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan.
Sud S.R. ning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni mayda bezorilik deb baholab, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Shu bilan birga, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va haqorat qilish bo‘yicha ayblovlar tegishli dalillar bilan tasdiqlanmagani sababli ishning ushbu qismlari tugatilgan.
Shuningdek, S.R.dan maxsus qabulxonada saqlash xarajatlari uchun 330 ming so‘m undirilishi belgilangan.
Live
Barchasi