Reklamalarda oilaviy an’analarga zid obrazlardan foydalanish taqiqlandi
Jamiyat
−
08 iyun 2022
6070Reklamada milliy va oilaviy an’analarga zid bo‘lgan obrazlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan.
Qonunga ko‘ra, reklamada quyidagilar taqiqlanadi:
• maktabgacha ta’limda hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;
• narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;
• bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;
• milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.
Qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:
• xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
• ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish;
• voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr