“Real” mavsumni birorta sovrinsiz yakunlashi mumkin
Sport
−
10:44 1064 2 daqiqa
Kecha, 10 aprel kuni tunda Ispaniya La Ligasi 31-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” – “Jirona” o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Madridliklarning ustunligida o‘tgan bahsning 51-daqiqasida Federiko Valverde jarima maydonchasi tashqarisidan zarba berib, juda chiroyli tarzda darvozani ishg‘ol qildi. Ammo oradan 11 daqiqa o‘tib, mehmonlar yarimhimoyachisi Tomas Lemar ham jarima maydoni tashqarisidan gol kiritib, hisobdagi muvozanatni tikladi. O‘yin yakuniga qadar “Real” yana ko‘plab hujumlar uyushtirganiga qaramay, bahsda boshqa gol kiritilmadi.
Shu tariqa madridliklar o‘z ochkolari sonini 70 taga yetkazdi va peshqadam “Barselona” bilan farq olti ochkoga qisqardi. Ammo kataloniyaliklar hisobida bitta zahira o‘yin mavjud. Agar ular bugun o‘z maydonida hamshahari “Espanol”ni mag‘lub etsa, oradagi farq to‘qqiztaga yetadi.
Shuningdek, “Qirollik klubi”ning UEFA Chempionlar ligasidagi ishlari ham havas qilarli emas. Jamoa 15 aprel kuni chorak final javob o‘yini doirasida Myunxenga safar qiladi va “Bavariya”ga qarshi bahsda yarim finalga chiqish uchun birinchi o‘yindagi 1:2 hisobidagi farqni yo‘qqa chiqarishi kerak bo‘ladi.
Agar ushbu bahsda “Real” ijobiy natija qayd eta olmasa, jamoa katta ehtimol bilan mavsumni sovrinsiz yakunlaydi. Sababi, La Liga’da ham jamoa deyarli chempionlik kurashidan chiqib ketdi. Chunki endi “Barselona”ning qolgan yetti turning kamida to‘rttasida yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lishi amalda ehtimoli juda past.
Ma’lumot o‘rnida, “Real” yanvar oyida Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga (2:3) mag‘lub bo‘lgan edi. Shuningdek, Ispaniya kubogi 1/8 finalida quyi liga vakili Albasetega (2:3) sensatsion tarzda yutqazib, turnirni erta tark etgan.
Ramazon Usanov
Live
Barchasi