Ispaniyalik hakamlar Peresni jazolashni talab qildi
Sport
−
15 may 1349 2 daqiqa
Ispaniya futbol hakamlari uyushmasi Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi Musobaqalar qo‘mitasidan Florentino Peresni asossiz ayblovlar uchun tovon puli to‘lashga majbur qilishni talab qildi. Bu haqda “EL Pais” nashri xabar berdi.
Joriy yilning 13 may kuni Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres klub sobiq texnik hakamlar qo‘mitasi vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra ishi yuzasidan Yevropa futbol uyushmalari ittifoqiga murojaat qilishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.
Peresning aytishicha, Negreyraning harakatlari nafaqat “Real”, balki boshqa klublarga ham zarar yetkazgan va Kataloniyaning “Barselona” klubi esa bundan foyda ko‘rgan. Shundan so‘ng “Barselona” Peresning bayonotlari yuzasidan sudga murojaat qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Hakamlar uyushmasi bayonotida Peresning gaplari fikr bildirish erkinligi bilan izohlanmasligi ta’kidlangan.
“Janob Peres oddiy hakamlik xatolari haqida emas, balki butun hakamlar tizimini yigirma yil davomida jinoyat sodir etganlikda ayblamoqda”, deyiladi bayonotda.
Uyushma Musobaqalar qo‘mitasidan Peresga tergov davom etayotgan paytda bunday bayonotlar berishni taqiqlashni, hakamlarga yetkazilgan ma’naviy va kasbiy zarar uchun tovon undirishni hamda Madridning “Real” klubidan ommaviy ravishda uzr so‘rashni talab qilishni so‘radi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil fevral oyida ommaviy axborot vositalarida “Barselona” 2016-2018 yillar oralig‘ida Negreyraga hakamlik hisobotlari uchun qariyb 1,4 million yevro to‘lagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. O‘sha yilning mart oyida sud prokuraturaning “Barselona”ga qarshi shikoyatini qabul qilgan. Unda klub 2001-2018 yillar davomida Negreyraga 7 million yevrodan ortiq mablag‘ o‘tkazgani aytilgan.
2023 yil sentyabr oyida “Barselona” pora berishda ayblangan, biroq sud 2024 yil may oyida ushbu ayblovlarni bekor qilgan.
Negreyraning o‘zi esa “Barselona”ga hakamlar qarorlari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub hakamlarning o‘zlariga qarshi qaror chiqarmasligiga ishonch hosil qilishni istagan.
2025 yil oktyabr oyida ommaviy axborot vositalarida “Barselona” ushbu ish bo‘yicha rasman gumonlanuvchi sifatida sudga chaqirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Dekabr oyida esa nashrlar Madridning “Real” klubi “Barselona”ga qarshi ko‘p million dollarlik da’vo kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu mojarolar fonida Peres “Barselona” bilan aloqalarni butunlay uzganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi