“Real” “Siti”ni yirik hisobda mag‘lub etdi
Sport
−
12 mart 5632 2 daqiqa
Kecha, 11 mart kuni Ispaniyaning “Real Madrid” klubi Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichining ilk uchrashuvida o‘z maydonida Angliyaning “Manchester Siti” jamoasini yirik 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda madridliklar sardori Federiko Valverde faoliyatidagi ilk xet-trikni qayd etdi. Urugvaylik futbolchi 20-, 27- va 42-daqiqalarda gol urdi.
57-daqiqada “Manchester Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma Vinisius Junior tomonidan tepilgan penaltini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda “qirollik klubi” himoyada ishonchli harakat qilgan holda 3:0 hisobini o‘yin yakuniga qadar saqlab qoldi.
Jamoalar turnirning asosiy bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgan edi. O‘shanda “shaharliklar” safarda “Real Madrid”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan.
“Qirollik klubi” safida hujumchi Kilian Mbappe hamda yarim himoyachi Jud Bellingem jarohatlari sabab ushbu uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Valverdening birinchi goliga darvozabon Tibo Kurtua golli uzatma berdi. Shu tariqa belgiyalik posbon Chempionlar ligasi tarixida darvozabonlar orasida golli uzatmalar soni bo‘yicha yakka yetakchiga aylandi (3 ta).
“Real Madrid” oxirgi marta Chempionlar ligasi pley-off bosqichida birinchi bo‘limning o‘zida uchta golni 2013-2014 yilgi mavsum yarim finalida “Bavariya” darvozasiga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi joriy yilning 17 mart kuni Manchester shahrida bo‘lib o‘tadi.