“Ravshan Zolotoy”ni hibsga olish uchun Turkiyaga maxsus guruh yuborildimi?
3-sahifa
−
12 dekabr 2023
39008Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti – Xalqaro boks kengashi (WBC) oliy kengashi a’zosi G‘ofur Rahimovning jiyani, “kriminal avtoritet” sifatida ko‘riladigan “Ravshan Zolotoy” – Ravshan Muhiddinovni qo‘lga olish uchun katta guruh Turkiyaga ketgani haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev buni rad etdi. Bu haqda u bugun, 12 dekabr kuni matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Bu haqda xabar yo‘q. Qidirilayotganlar orasida Turkiyaga qochganlar yo‘q”, deydi Toshxo‘jayev unga berilgan savolga javoban.
Ma’lumot uchun, 2007 yilda 18 yashar Ravshan Muhiddinovga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 242-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingandi.
Muhiddinov bundan 16 yil avval, G‘afur Rahimovga nisbatan tazyiqlar kuchaygan davrda og‘ir jinoyatlarda ayblangan va mamlakatni tark etgan. U asosan Turkiyaning Istanbul va Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shaharlarida istiqomat qilgan. Bu orada O‘zbekistonning talabi bilan shu shaharlardagi qamoqxonalarda hibsda saqlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev G‘ofur Rahimovga nisbatan hech qanday qidiruv e’lon qilinmagani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganini ma’lum qilgandi.