G‘ofur Rahimovning jiyani, Sanjikning bojasi “Ravshan zolotoy” xalqaro qidiruvga berildi

Tahlil

“Ravshan zolotoy” laqabi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqdagi e’lon Interpol saytida paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan Ravshan Muhitdinov Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda.

Aytish o‘rinliki, Ravshan Muhitdinovning bojasi “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov uy mojarosi ortidan hibsga olingan edi. 10 aprel kuni uning ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasining (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasining (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-moddasining (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ravshan Muhitdinov taniqli tadbirkor va Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasining (AIBA) sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning jiyani hisoblanadi.

Muhitdinov 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan.

2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi va u O‘zbekistonga qaytib keldi. Xabarlarga ko‘ra, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ravshan Muhitdinovning o‘z tog‘asi G‘ofur Rahimov bilan moliyaviy masalalarda kelishmovchiligi bo‘lgani va bu nizo hatto jismoniy tazyiqlargacha borib yetgani haqida videomurojaatlar tarqalgan.

Ba’zi OAV va ekspertlar uni MDH hududidagi ta’sir doirasiga ega shaxslar bilan yaqin aloqada deb hisoblashadi, biroq Muhitdinovning o‘zi bergan intervyularida bunday iddaolarni rad etib, shunchaki tadbirkor ekanini ta’kidlaydi.

2023 yilda O‘zbekistonda ko‘cha bezorilari va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi olib borilgan “dolzarb 40 kunlik” reyd tadbirlarida o‘nlab avtoritetlar qo‘lga olingandi va o‘sha kezlarda “kriminal avtoritet” sifatida ko‘riladigan “Ravshan Zolotoy”ni qo‘lga olish uchun katta guruh Turkiyaga ketgani haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. Biroq, o‘sha vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev bu iddaolarni rad etib, qidirilayotganlar orasida Turkiyaga qochganlar yo‘qligini aytgan edi.

18 yoshida Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinov 2009 yil sentyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida Otaturk xalqaro aeroportida hibsga olingan edi. Shundan so‘ng, u 3 yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan. 

Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yil oktyabrda Birlashgan Arab Amirliklarida takroran hibsga olingan “Ravshan Zolotoy” 2013 yil dekabriga qadar Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

O‘sha vaqtda OAVga intervyu bergan Ravshan Muhitdinovning otasi Bahodir Muhitdinov o‘g‘liga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini oradan 12 yil o‘tib qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yo‘llaganini aytgan.

Oradan ikki oy o‘tib, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari u bilan bog‘lanib, o‘g‘liga nisbatan e’lon qilingan qidiruv olib tashlangani va 12 yil muqaddam qo‘zg‘atilgan tergov ishi qaytadan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilganini aytgan. “Ravshan Zolotoy”ning otasiga ko‘ra¸ bo‘lib o‘tgan janjalning boshqa ishtirokchilari ham o‘g‘lining janjalga aralashmagani haqida ko‘rsatma bergan.
2019 yilning 11 iyulida “Ravshan Zolotoy” O‘zbekistonga qaytdi. Uning Toshkentga qaytishi arafasida Ichki ishlar vazirligi saytining qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan Muhitdinovning ism sharifi olib tashlangan. 

2019 yil 11 iyul kuni O‘zbekistonga qaytgan Ravshan Muhitdinov oradan bir necha kun o‘tib, aniqrog‘i 24 iyul kuni yana mamlakatni tark etdi. Oxirgi vaqtlar u O‘zbekistonda sport homiylaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Muhitdinov Parij olimpiadasida O‘zbekiston rasmiylari bilan ko‘rinish ham bergan. 

Muhitdinov ijtimoiy tarmoqlarda u qadar faol emas. U onda-sonda Instagram sahifasida “storis”lar joylab turadi. Facebook'da esa biroz faol. Facebook'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Muhitdinov Jahon Nogironlar Xayriya Jamg‘armasi vitse-prezidenti. Hozirgi vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qiladi. 

Ravshan Muhitdinov 2023 yilda ijtimoiy tarmoqlarda qidiruvda ekani haqidagi xabarlar Toshkent shahar IIBB tomonidan rad etilganiga shunday munosabat bergan edi: 

“Mening tarixiy Vatanim O‘zbekiston davlati. Va huquq-tartibot idoralari bilan hech qanday qoidabuzarlik yoki tushunmovchilik yo‘qligini tasdiqlovchi qisqa rasmiy javob! Samimiy tashvish qilganlarga rahmat”, degan Muhiddinov. 

Muhitdinov O‘zbekistonni tarixiy vatanim deyishidan anglashilishicha, u balki allaqachon boshqa mamlakat fuqaroligini olib bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 

Bundan tashqari, “Ravshan Zolotoy” ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik uning nima ish qilishiga qiziqishi haqida yozarkan shunday degan:

“Ishlayotganlarga sharoit yaratib beraman. Lekin, men bu yerga uzoq va mashaqqatli yo‘ldan keldim. Haq Taoloning menga bergan mansabi juda katta mehnat va eng mashaqqatli ishim. Negaki, har kuni turli toifadagi odamlarni – oliyjanob va sotqinlarni uchratib qolaman, ular har kuni mening yo‘limdan borishga, nomimni tuhmat bilan va har tomonlama haqorat qilishga urinmoqdalar. Bugungi kunim uchun, dasturxonim, nonim uchun ko‘nglim tinch. Hech kimga tegmay, birovnikini tortib olmasdan shu kunga yetganimni bilaman. Men bu dunyoda hamma o‘z cho‘qqilariga bir xil yo‘l bilan, hech kimga zarar yetkazmasdan erishishini istardim”, deb javob bergan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ravshan Zolotoy Interpol xalqaro qidiruv qora ro'yxat Real Sanjik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing