Rasmiy Toshkent O‘zbekistonning matbuot erkinligi reytingida orqaga ketishiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Joriy yilning may oyi boshida “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha 2024 yilgi yangi reytingda 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi. Bu O‘zbekiston 2023 yilgi reytingdagi o‘rnidan 11 pog‘ona pastlaganini anglatadi. Bugungacha rasmiy Toshkent reytingda O‘zbekistonning o‘rni pastlashiga munosabat bildirmay kelayotgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari Komil Allamjonov nihoyat reytingda mamlakatning o‘rni pasayishiga munosabat bildirdi. 

“Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi, deb o‘ylayman”, deb yozdi Komil Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.

Kecha, 10 may kuni Allamjonov nodavlat telekanallar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda so‘z erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalari muhokama qilingan. Amaldorning qayd etishicha, Prezident Mirziyoyevning matbuot va so‘z erkinligi borasidagi pozitsiyasi qat’iy. Uchrashuvda ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishish qiyinligi urg‘ulangan. 

“Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi. O‘yin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi. So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yo‘l yo‘q – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, me’yor va qonun doirasida, oldinga”, deb yozgan Allamjonov. 

U so‘zida davom etarkan, hali yana ko‘p muammolar bo‘lishi mumkinligini ham aytib, buni tabiiy jarayon deb atagan. 

“Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat ko‘zgu, balki mudofaa, xavfsizlik masalasi darajasidagi institutdir”, deydi u.

Ma’lumot uchun, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkilotining hisobotida O‘zbekiston to‘q qizil rangda tasvirlangan, ya’ni matbuot va so‘z erkinligi “juda jiddiy” holatdagi davlatlar qatoridan o‘rin olgan. Hisobotda 2024 yildan bugungi kunga qadar 4 nafar jurnalist hibsga olingani keltirilgan. Rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni hali amalga oshirmagan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan.

Shuningdek, tashkilot dunyodagi vaziyatga ham baho berib o‘tgan. Bildirilishicha, Xalqaro miqyosda bu yil jurnalistlarni himoya qilish tamoyillarini, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining 2222-rezolyutsiyasini amalga oshirishda xalqaro hamjamiyat tomonidan siyosiy iroda yo‘qligi bilan ajralib turadi. G‘azodagi urush 2023 yil oktyabr oyidan beri jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan rekord darajadagi qonunbuzarliklar bilan qayd etilgan.

100 dan ortiq falastinlik muxbirlar Isroil mudofaa kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, qotilliklarning kamida 22 nafari ish paytida sodir bo‘lgan.

Ishg‘ol qilingan va Isroilning doimiy bombardimonlari ostida bo‘lgan Falastin 2024 yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat va hududlar orasida 157-o‘rinni egalladi, ammo jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha oxirgi 10 o‘rindan joy oldi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Komil Allamjonov matbuot erkinligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing