Rasmiy Baku Lochindagi talato‘plarda Rossiyani aybladi
Olam
−
14 dekabr 2022
5085Lochin yo‘lini ozarbayjonlik namoyishchilar emas, Rossiya tinchlikparvar kontingenti to‘sib qo‘ygan. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi – Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmat Hojiyev diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Lochin yo‘lini ozarbayjonlik namoyishchilar emas,Rossiya tinchlikparvar kontingenti to‘sib qo‘ygan. Ozarbayjondagi fuqarolik jamiyati vakillari talon-toroj qilingan tabiiy boyliklarni noqonuniy tashishni to‘xtatishga harakat qilmoqda, biroq boshqa fuqarolik avtomashinalarining harakatiga xalaqit bermayapti”, deydi Hojiyev.
U Armaniston hukumatining Ozarbayjon hududida sodir bo‘layotgan voqealarga oid bayonotlari, umuman olganda, Armanistonning Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’volari saqlanib qolayotganidan dalolat ekaniga e’tibor qaratdi.
Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi bunday bayonotlar Armaniston Bosh vazirining Praga va Sochida Ozarbayjon hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish bo‘yicha olgan majburiyatlariga ham zid ekanligini ta’kidladi.
Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari Qorabog‘ viloyatidagi Shusha-Lochin yo‘lida rossiyalik harbiylarning vaqtinchalik nazorati ostidagi hududlarni kuzatish taqiqlanganini qoralagan mitingni 13 dekabr kuni ertalabgacha davom ettirdi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, namoyishchilar tun bo‘yi shiorlar aytishgan.
Faollar ekologik terror, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, Rossiyaning Qorabog‘dagi harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqdalar.
Ozarbayjon faollari Qorabog‘ armanlarini norozilik aksiyasiga qo‘shilishga chaqirdi.
11 dekabr kuni Ozarbayjon TIV Rossiyaga Ozarbayjon hududida vaqtincha joylashgan Rossiya harbiy kontingenti faoliyati munosabati bilan norozilik notasini topshirdi. Xususan, ozarbayjonlik ekspertlar guruhi rossiyalik harbiylar vaqtincha joylashgan hududlardagi ekologik vaziyatni kuzata olmagan voqea yuzasidan norozilik notasi topshirildi.
Ozarbayjon tomoni Rossiya harbiy kontingentini harakatsizlikda aybladi, natijada bu hududlarda yashovchi armanlarning oldindan rejalashtirilgan harakatlari tufayli ekspertlar monitoringi buzildi.
LiveBarchasi