Rasman! O‘zbekistonda masjidlarning ochilish sanasi o‘zgardi
Jamiyat
−
04 iyun 2020
24162Avvalroq, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan joriy yil 5 iyundan “yashil” hududlarda diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 4 iyun kuni Respublika maxsus komissiyasi mazkur qabul qilingan qarorga izoh berdi. Unga ko‘ra, “yashil” hududlarda diniy tashkilotlar faoliyati 5 iyun kunidan emas, balki 8 iyun kunidan boshlanadi.
Ma’lum qilinishicha, diniy muassasalarda (masjidlar, cherkovlar) ularning faoliyati qayta yo‘lga qo‘yishda xavfsizlikni ta’minlash uchun 5-8 iyun kunlari bir qator tayyorgarlik choralari ko‘riladi. Bu choralarga quyidagilar kiradi:
- dezinfeksiya qilish;
- ijtimoiy masofani saqlashni (kamida 1,5 -2 metr) ta’minlash uchun zarur bo‘lgan maxsus belgilar, zarur jihozlar (pirometrlar, sanitariya va dezinfeksiyalash vositalari, sanitariya gilamlari va boshqalar) bilan ta’minlash;
- diniy muassasalar ishchilari bilan o‘quv seminarlari va boshqalar.
“Mana shu choralar barchasi amalga oshirilgach, to‘liq xavfsizlik ta’minlangach, diniy muassasalar, masjidlar 2020 yil 8 iyundan boshlab faqat “yashil” hududlarda faoliyatini boshlaydi. Bunda sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga qat’iy rioya qilgan holda (himoya niqoblarini majburiy kiyish sharti bilan), shuningdek, ijtimoiy masofa saqlagan (tashrif buyuruvchilar orasidagi masofa kamida 1, 5-2 metr) holda namoz o‘qish mumkin bo‘ladi”, deyiladi izohda.
Ta’kidlanishicha, fuqarolarning kasallikni noma’lum manbalardan yuqtirishi va aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida hozircha ommaviy diniy tadbirlar (juma namozi, yakshanba ibodatlari va boshqalar) tashkil etish taqiqlanadi.
LiveBarchasi