Rasman: O‘zbekiston va Turkiya xalqaro qidiruvdagi fuqarolarni ekstraditsiya qilishni boshlaydi
Jamiyat
−
11 dekabr 2020
12429Endilikda Turkiya xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish mumkin. Ikki davlat o‘rtasida ushbu band nazarda tutilgan hujjat imzolanib, kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy, harbiy va madaniy aloqalar rivojlanishning yuqori bosqichlarida davom etmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilning fevral oyida davlat tashrif bilan Turkiya davlatida bo‘lishi, o‘z navbatida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelishi, ikki musulmon davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan.
Shundan so‘ng, tamonlarning huquq-tartibot idoralari rahbarlari ham bir necha bor ishchi uchrashuvlari o‘tkazib, hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, birgalikda xalqaro terrorizm hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishga kelishib oldilar.
Ayni kunlarda esa ikki davlat o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim” imzolanib, kuchga kirdi.
Mazkur bitimga ko‘ra, endilikda tomonlar o‘z xududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni bir-birlariga ushlab berish majburiyatini o‘z zimmasiga oladilar.
“Ta’kidlab o‘tish joizki, hozirda maxsus xizmatlar o‘rtasida ishchan ruhdagi muloqotlar davom etayotgan bo‘lib, kelgusida Turkiya xududida bo‘lgan ko‘plab xalqaro qidiruvdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakatimizga ekstraditsiya qilish rejalashtirilmoqda”, deyila Davlat xavfsizlik xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-20 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Bu Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kirishganidan buyon Turkiyaga amalga oshirgan uchinchi tashrifi sanaladi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formati sifatida baholangan.
Yakkama-yakka uchrashuv va strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng Prezdentlar qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Shuningdek, joriy yilning 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi.
O‘zbekiston va Turkiya mudofaa idoralari o‘rtasida o‘rnatilayotgan amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida harbiy kadrlarni o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shin bo‘linmalarini tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish belgilandi.
Mintaqadagi zamonaviy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida Hulusi Akar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralardan so‘ng ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
LiveBarchasi