Rasman: Tashiyev yana bir lavozimidan o‘zi voz kechdi
Olam
−
11:58 4230 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev yana bir lavozimidan ketishini e’lon qildi. U Qirg‘iziston futbol ittifoqi prezidenti lavozimidan ketadi. Bu haqda Tashiyevning o‘zi Qirg‘iziston futbol ittifoqining bugun, 15 aprel kuni Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan navbatdagi kongressida ma’lum qildi.
“Futbolga muvaffaqiyatlar tilayman. Qirg‘izistonda futbol biznes sifatida qaralishi mumkin bo‘lgan narsa emas. Men o‘z vazifamni bajardim. O‘ylaymanki, sizlarning oldingizda rais sifatida oxirgi marta so‘zga chiqyapman. Endi bu yerga haqiqatan ham futbolni yaxshi ko‘radigan odam kelishi kerak”, deydi u.
Qamchibek Tashiyev bu lavozimda ikki yildan ortiq ishlagan. Bugungi kongressda u qilingan ishlar haqida hisobot berdi.
Qirg‘iziston futbol ittifoqi saylov qo‘mitasi raisi Murat Osmonovning aytishicha, nomzodlar yo‘qligi sababli QFUning yangi prezidenti saylovini o‘tkazish masalasi kun tartibidan olib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qilgan edi. O‘shandan beri MQXBning bir qator sobiq yuqori martabali rahbarlari qo‘lga olindi, ayrimlari esa ishdan bo‘shatildi. Jo‘g‘o‘rqu Keneshning to‘qqiz nafar deputati, jumladan Qamchibek Tashiyevning ukasi Shoirbek Tashiyev mandatini topshirdi. Keyinroq u “Qirg‘izneftgaz” korxonasi faoliyati bilan bog‘liq korrupsiya ayblovi bilan hibsga olindi. Maxsus xizmatning sobiq rahbari hozircha so‘nggi voqealarga izoh bergani yo‘q.
Live
Barchasi