Rasman: sug‘urtasi yo‘q haydovchilarning avtomobili “shtrafnoy”ga olinmaydi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
10578O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Mazkur qonun bilan bugun, 29 sentyabr kunidan boshlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibiga o‘zgartish kiritildi.
Qonunga ko‘ra, haydovchilar yonida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi bo‘lmasa, transport vositalarini ushlab turish amaliyoti bekor qilinyapti. Ya’ni endilikda sug‘urtasi bo‘lmagan haydovchiga jarima solinadi, uning boshqaruvidagi avtomashina esa jarima maydoniga olib ketilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Mening fikrim” veb-portaliga fuqarolardan avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi tufayli avtotransport egasiga ma’muriy jarima qo‘llagan holda avtotransport vositasini jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqidagi taklif bilan murojaat qilingan va mazkur murojaat portalda 10 000 dan ortiq ovoz to‘plagan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ushbu murojaatdan kelib chiqib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilinib qabul qilingandi.
Keyinroq 11 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida qonun loihyasi ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi.
LiveBarchasi