Rasman: NATO rahbarlari Finlyandiya va Shvetsiyani ittifoqqa taklif qildi
Olam
−
29 iyun 2022
5469NATO mamlakatlari rahbarlari Shvetsiya va Finlyandiyani alyansga taklif qilishga qaror qildilar va bu davlatlarning harbiy-siyosiy blokga kirishi bo‘yicha protokollarni imzolashga kelishib oldilar. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bugun, 29 iyun kuni Shimoliy Atlantika alyansi yetakchilarining Madriddagi sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Stoltenberg Turkiya, Finlyandiya, Shvetsiya va NATO davlatlari rahbarlariga alyans doirasini kengaytirishda ijobiy natijaga erishish uchun qilgan harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.
Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi.
LiveBarchasi