Rasman! Namanganda karantin qoidalari saqlab qolinadi
Jamiyat
−
06 may 2020
7411Kecha, 5 may kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi bildirildi. Shuningdek, viloyat, tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratilishi belgilandi.
Namangan mavjud epidemiologik vaziyat tufayli “qizil”, ya’ni yuqori xavfli hududga kiritildi. Chunki viloyat bo‘yicha 6 may kuniga qadar 230 nafar shaxs koronavirus infeksiyasiga chalingani aniqlangan.
Namangan bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada Toshkent shahri (668 nafar bemor), Buxoro viloyati (435) va Xorazm viloyatidan (232) keyingi to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Koronavirusdan o‘lim holati bo‘yicha esa (4 ta) Namangan poytaxt Toshkentdan so‘ng (5 ta) ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu haqda Namangan shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlarining aksariyat qismi Namangan shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababdan ham shaharda joriy etilgan cheklovlar, jumladan, avtomobillarda maxsus stikerlarsiz faqat ma’lum soatlarda harakatlanish bo‘yicha talablar o‘z kuchida qoldirilgan.
“Namangan epidemiologik jihatdan “qizil” (yuqori xavfli) hududga kirishi e’tiborga olinib, karantin qoidalari hozircha yumshatilmaydi. Fuqarolardan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish so‘raladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi