Aeroportda mazasi qochgan ayol deyarli bir soatdan so‘ng shifoxonaga olib ketilgan
Jamiyat
−
08 Oktabr
7785Avvalroq, Dubay-Toshkent aviareysida uchib kelgan 38 yosh atrofidagi ayol bojxona tekshiruvida ushlanib qolgani va oqibatda sog‘lig‘i yomonlashib, shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgani xabar qilingandi. Mazkur holatga Uzbekistan Airports munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 7 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:34 da Toshkent xalqaro aeroporti tibbiyot punktiga yo‘lovchining uchib kelish zalida o‘zini yomon his qilayotgani haqida xabar kelib tushgan. HY-334 Dubay – Toshkent reysi bilan kelgan 1986 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi pasport nazoratidan o‘tgach darhol yordam so‘ragan. Yo‘lovchi bosh og‘rig‘i va o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan.
"Yo‘lovchi shikoyatlari va u bilan birga uchib kelgan shaxslarning so‘zlarini inobatga olgan holda aeroport tibbiyot punkti xodimlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga yotqizish uchun shahar tez yordam xizmatini chaqirishgan", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, soat 18:32 da tez yordam mashinasi yo‘lovchini Toshkent aeroportining uchib kelish zalidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ayol shifoxonaga yotqizilgani va unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini aytgandi. Biroq QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatlashgan ayolning oila a’zolari hozirda shifoxonadaligi aytilayotgan ayol yo‘lda vafot etganini bildirdi.
LiveBarchasi