Ramazon oyida 2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari o‘qiladi
Jamiyat
−
08:39 2671 1 daqiqa
Ertaga, 18 fevral kunidan boshlab respublika bo‘ylab 2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari o‘qiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tarovih namozlari soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Ularda har kuni taxminan 1 millionga yaqin fuqaro ishtirok etishi mumkin.
Ushbu davrda xavfsizlikni ta’minlash uchun 20 mingga yaqin Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etiladi. Masjidlar atrofi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, ular IIV Jamoat xavfsizligi departamentining monitoring va muvofiqlashtirish markaziga ulangan.
Shu bilan birga, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 2500 ga yaqin Yo‘l patrul xizmati xodimi xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar joylashgan ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, kirish joylariga maxsus to‘siqlar o‘rnatilib, 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etiladi. Favqulodda holatlar uchun 200 dan ortiq maxsus texnika jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilda Ramazon oyi 19 fevraldan boshlanishi haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekistonda Ramazon oyida ehtiyojmand aholi uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi ham ma’lum qilingan.
Live
Barchasi