Raisiyning jasadi Tehronga yetkazildi (video)
Olam
−
21 may 2024 19021 2 daqiqa
Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan prezident Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va boshqa rasmiylarning jasadlari Tabriz shahridan poytaxt Tehronga yetkazildi. Bu haqda "Tasnim" xabar berdi.
Poytaxtning “Mehrobod” aeroportida halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirish marosimi tashkil etildi.
Janoza marosimini tashkil qiluvchi qo‘mita bayonotida aytilishicha, Raisiy va uning hamrohlari uchun janoza namozi ertaga, 22 may kuni Tehronda o‘qiladi.
Namozdan so‘ng dafn marosimi Inqilab maydonidan Ozodiy maydonigacha davom etadi va fuqarolardan ushbu hududga jamoat transportida borishlari so‘raladi.
Tehrondagi marosimda Eron yetakchisi Ali Xomanaiy janoza namozini o‘qishi kutilmoqda.
Avvalgi bayonotlarda Tehrondagi marosimdan so‘ng, jasadlar 23 may kuni Mashhad shahrida dafn etilishi e’lon qilingan edi.
Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. Ertaga, 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr