Raisiyning o‘limi Xomanaiyning o‘rniga uning o‘g‘li kelishi ehtimolini oshirdi – “Politico”
Olam
−
20 may
12341Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning o‘limi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rniga uning o‘g‘li Mojtab kelishi ehtimolini oshiradi. Bu haqda Amerikaning “Politico” nashri yozmoqda.
Aynan Prezident Raisiy ekspertlar tomonidan Eron oliy rahbari Oyatullohning bo‘lajak vorisi, deb hisoblangan. Biroq yaqinda u layoqatsizligi uchun tanqid qilingan va bu uning lavozimga ko‘tarilish imkoniyatlarini pasaytirgan.
“Raisiy Eron inqilobiy elitasining yoshroq versiyasini ifodalaydi – unchalik qobiliyatli emas, lekin ancha g‘ayratli. Mana shunday odamlarni Xomanaiy boshqaruvda ko‘rishni istaydi – Raisiyning o‘limi uning o‘rniga o‘rinbosar tanlash jarayonini toraytirdi, Xomanaiyning o‘g‘li esa potensial nomzodlardan biri”, deydi Vashingtondagi Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasining katta ilmiy xodimi Behnam Ben Taleblu.
Eron rahbari Prezident emas, balki oliy rahbar Oyatullohdir. U umrbod saylanadi, mamlakatning umumiy siyosatini belgilaydi, armiyaga, razvedkaga rahbarlik qiladi, muhim vazifalarni bajaradi, asosiy qarorlar qabul qiladi. Prezident ikkinchi eng muhim mansabdor shaxs, ijro hokimiyati rahbaridir.
Ma’lumot uchun, kecha, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.
Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.
Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Raisiyning dafn marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
LiveBarchasi