Raisiyning dafn marosimi qachon va qayerda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Aviahalokatda halok bo‘lgan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va uning hamrohlarini dafn etish marosimi 23 may kuni kechqurun mamlakat shimoli-sharqidagi ona shahri Mashhadda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda dafn marosimini tashkil etish qo‘mitasiga rahbarlik qilgan respublika prezidenti vazifasini bajaruvchi Mohsin Mansuriy ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, marhumlar Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasiga dafn etiladi. Bundan oldin, bugun, 21 may kuni Tabrizda (Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati) vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tadi.

Mashhad ziyorat markazi va Eron aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi shia musulmonlari uchun asosiy muqaddas shaharlardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.

Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.

Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ibrohim Raisiy Eron Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made