Raisiyning vertolyoti ortiqcha yuk tufayli halokatga uchradi – “Fars”
Olam
−
22 avgust
8326Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy halok bo‘lgan aviahalokat baxtsiz hodisa deb topildi. Bu haqda mamlakat razvedka xizmatlaridagi manbaga tayanib, Eronning “Fars” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tekshiruv doirasida Eron razvedka idoralari “30 mingga yaqin odamni” tekshirib, prezident vertolyoti halokatiga inson xatosi sabab bo‘lishi ehtimolini istisno qilgan.
Shuningdek, bortda hech qanday kimyoviy yoki zaharli moddalardan foydalanish izlari ham topilmagan. Bundan tashqari, razvedka xizmatlari vertolyotning elektron tizimlariga masofadan ta’sir qilish va sabotaj qilish imkoniyatini istisno qildi.
“Fars” manbasiga ko‘ra, samolyot halokatiga ikki omil sabab bo‘lgan: ob-havo sharoiti va ortiqcha yuk. Vertolyot belgilangan vaqtdan kechroq uchgani va shu paytgacha ob-havo yomonlashgani aytilgan.
“Prezidentni olib ketayotgan vertolyotda xavfsizlik protokollarida nazarda tutilganidan ikki kishi ko‘proq bo‘lgan va uchuvchi tumanni payqab, vertolyotni to‘g‘ri balandlikka olib chiqishga uringanida, vertolyot cheklangan sharoitda bunga yetarlicha kuchga ega bo‘lmagan. Tuman tufayli ko‘rish imkoni bo‘lmagan, tog‘ bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan”, deyiladi maqolada.
Eron Bosh shtabi “Fars” agentligi manbalari versiyasi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
“Fars”dagi vertolyot halokatiga sabab bo‘lgan omillardan biri xavfsizlik protokollariga zid ravishda bortda yana ikki yo‘lovchining bo‘lgani, shu sababli vertolyot kerakli balandlikka yetish uchun yetarli quvvatga ega bo‘lmagani haqidagi ma’lumot yolg‘ondir”, deyiladi Bosh shtab bayonotida.
Ma’lumot uchun, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarni olib ketayotgan vertolyot 19 may kuni Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotganida halokatga uchragan. Samolyotda bo‘lganlarning hech biri halokatdan omon qolmagan.
Iyul oyida Erondagi prezidentlik saylovlarida islohotchi Mas’ud Pezeshkiyon g‘alaba qozongan edi.
LiveBarchasi