Rafa Mir 10,5 yilga qamalishi mumkin

Sport

image

Ispaniyaning “Elche” klubi hujumchisi Rafa Mir jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ayblovlari bilan 10,5 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda “Las Provincias” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi 2024 yil sentyabr oyida Valensiya Fuqarolik gvardiyasi tomonidan hibsga olingan. Prokuratura iddaosiga ko‘ra, Mir o‘z uyida 21 yoshli ayolga nisbatan jinsiy va jismoniy tajovuz sodir etgan. Futbolchi ko‘rsatma berganidan so‘ng hibsdan ozod qilingan va keyinchalik jinsiy tajovuz haqidagi ayblovlarni rad etgan bayonot bilan chiqqan.

Nashrning yozishicha, prokurorlar futbolchi uchun jinsiy tajovuz ayblovi bo‘yicha 9 yil, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik uchun esa 18 oy qamoq jazosini so‘ramoqda. Shuningdek, Mirga nisbatan keyingi 13 yil davomida jabrlanuvchiga 500 metr masofadan yaqinlashishni taqiqlovchi cheklov qo‘llash, yetti yil davomida nazorat ostidagi ozodlik hamda yetti yil davomida voyaga yetmaganlar bilan ishlashni taqiqlash chorasi talab qilinmoqda. Prokuratura bundan tashqari jismoniy zarar va ruhiy azob uchun 64 ming yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashni ham so‘ramoqda.

Bundan tashqari, futbolchi Pablo Xaraning do‘sti jabrlanuvchining 25 yoshli dugonasini ta’qib qilish va unga hujum qilishda ham ayblanmoqda. Prokurorlar ushbu shaxs uchun uch yil qamoq jazosini talab qilgan.

Ma’lumot uchun, 28 yoshli Mir faoliyati davomida “Sevilya” safida o‘ynab, 2022-2023 yilgi mavsumda UEFA Yevropa ligasi g‘olibiga aylangan. U “Sevilya” tarkibida 105 ta o‘yinda maydonga tushib, 24 ta gol urgan. Futbolchi faoliyati davomida “Valensiya” safida ham to‘p tepgan. 2025 yil avgust oyida esa hujumchi ijara asosida “Elche” klubiga o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

ozodlikdan mahrum qilish “Elche” Rafa Mir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing